Barcha islohotlarimiz – inson omili, baxti, salomatligi va farovonligiga qaratilgan
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 2020-yil 5-iyun kuni Fargʻona viloyatiga keldi.
Butun dunyoni pandemiya jiddiy xavotirga solgan boʻlsa-da, hayot davom etmoqda. Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlganidek, Fargʻona viloyatida ham joriy yilda barcha sohalarda koʻzlangan maqsadlarga erishish yoʻlida izchil saʼy-harakatlar olib borilyapti. Pirovard maqsad esa odamlarni bugungi hayotidan rozi qilish, islohotlarning samarasini his etishdir.
Bu borada viloyatda 2019-2022-yillarda umumiy qiymati 26,5 trillion soʻm boʻlgan 688 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan boʻlib, joriy yilning oʻzida 544 ta loyihada 7,6 trillion soʻmlik investitsiyalarni oʻzlashtirish koʻzda tutilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasida bugungi kunga qadar 571 ta loyihada 6,8 trillion soʻm investitsiya oʻzlashtirilib, 11 mingta yangi ish oʻrni tashkil etildi.
Davlatimiz rahbari dastlab Qoʻshtepa tumanidagi “Tursunov Yusufjon yeri” fermer xoʻjaligida boʻldi. Bu yerda 50 gektar gʻalla, 30 gektar paxta yetishtirilmoqda. Prezidentimiz gʻalla rivojini koʻzdan kechirdi. Gektaridan 82 sentner hosil olish kutilmoqda.
Shu yerda qishloq xoʻjaligi sohasi mutasaddilari va qoʻshtepalik fermerlar bilan muloqot boʻldi.
– Har bir hududning yeri, resurslari, imkoniyatlari oʻziga xos. Bugun Fargʻonaga kelishimizdan maqsad – bu imkoniyatlarni toʻliq safarbar qilib, odamlarga ish oʻrni, daromad manbai uchun sharoit yaratish, har bir tuman boʻyicha aniq reja shakllantirish. Qanday mehnat qilsak, shunday hayot boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xoʻjalik dalasi yonida “Grapes and Gardens Investment” kompaniyasi tomonidan intensiv bogʻ ham yaratilgan. 100 gektarda oʻrik, 52 gektarda gilos ekilgan. Tomchilatib sugʻorish, sunʼiy soya qilish uskunalari oʻrnatilgan.
Ispaniya va Fransiyadan keltirilgan oʻrik navining hosildorligi juda yuqori. Bu eksportda muhim omil boʻladi. Bugungi kunda bogʻ uchastkalari kooperatsiya asosida tajribali tadbirkorlarga berilmoqda.
Davlatimiz rahbari daraxt qatorlari orasiga sarimsoqpiyoz va dukkakli ekinlar ekish, bunday bogʻlarni koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Shu yerda qishloq xoʻjaligi va agrosanoat loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Xususan, oʻrmon xoʻjaliklari va “Mehrigiyo” korxonasi hamkorligida dorivor oʻsimliklar yetishtirish va qayta ishlash, tomorqachilikni rivojlantirish, suvdan oqilona foydalanish, tomchilatib sugʻorishni keng joriy etish, yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash kabi loyihalar taqdim etildi.
Bugungi kunda yurtimiz tabiatida uchraydigan shifobaxsh oʻsimliklardan dori-darmon va preparatlar ishlab chiqarish yuzasidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. “Mehrigiyo” korxonasi dorivor oʻsimliklarni yetishtirish va ularni qayta ishlash asosida 130 ga yaqin shifobaxsh choy, sharbat va asalli mahsulotlarni tayyorlaydi.
Azaldan inson salomatligini mustahkamlashda dorivor oʻsimliklardan keng foydalanilgan. Bu zamonaviy tibbiyotda ham oʻz isbotini topganki, pirovardida fitoterapiya yil sayin taraqqiy etib borayotir. Korxonada nafaqat yurtimiz tabiatida uchraydigan, balki xorijdan keltirilgan nabotot namunalarini parvarishlash ham yoʻlga qoʻyilgan.
Prezidentimiz ekologik toza dori-darmonlar turini koʻpaytirishda ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari bilan hamkorlikni kengaytirish lozimligini qayd etdi.
Suv taʼminoti bilan bogʻliq muammolar dunyoda yildan-yilga dolzarb boʻlib bormoqda. Shuning uchun Fargʻonada suvdan oqilona foydalanish, bu borada tejamkor texnologiyalarni joriy etishga 50 million dollar ajratiladigan boʻldi.
Mamlakatimizda asosiy daromad manbalaridan boʻlgan aholi xonadonlaridagi tomorqadan samarali foydalanish boʻyicha maxsus tizim yaratilgan. Prezidentimiz bu tizim imkoniyatlaridan foydalanilmayotgani, “Tomorqa xizmati” ishi sezilmayotganini keskin tanqid qildi.
Shundan soʻng Prezidentimiz Toshloq tumanidagi “Uz-Segang” qoʻshma korxonasi ish jarayoni bilan tanishdi.
Fargʻona viloyatidagi meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan Quvasoy shahri, Oltiariq, Beshariq, Fargʻona, Quva va Uchkoʻprik tumanlarida 20 ta klaster faoliyat yuritmoqda. 2020-2021-yillar davomida mazkur klasterlar tomonidan umumiy qiymati 253,4 milliard soʻmlik 172 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mamlakatimizda oziq-ovqat ekinlari maydonini kengaytirish, yangi bogʻlar, ayniqsa, intensiv bogʻlar barpo etishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki serquyosh yurtimizda yetishtirilayotgan ekologik toza, sarxil meva-sabzavotlar xorijda ham xaridorgir boʻlib, yuqori nufuzli brendga – tovar belgisiga aylanmoqda. Bu borada meva-sabzavotchilik klasterlari tashkil qilinib, sohada koʻp yillik tajribaga ega, mahsulotlarni saqlash va qayta ishlash infratuzilmasi bor tadbirkorlarni bunga jalb qilingani yaxshi samara bermoqda.
Fargʻonada bogʻdorchilik boʻyicha katta tajriba maktabi bor. Bu yerda yetishtirilayotgan oʻrik, shaftoli, olxoʻri, nok, gilos, anjir, anor, behi, uzum, pomidor, bodring, piyoz, sarimsoqpiyoz va boshqa koʻplab meva-sabzavotlar bugun koʻplab davlatlarga eksport qilinyapti. Joriy yilda meva-sabzavotchilik korxonalari tomonidan 288 ming tonna mahsulot yetishtirilib, 120 ming tonnasini eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. Buning uchun sigʻimi 330 ming tonnadan ortiq boʻlgan muzlatkichli omborxonalar, 25 ta logistika markazi, 90 ta qayta ishlovchi korxona faoliyat koʻrsatmoqda.
Masʼuliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “Uz-Segang” qoʻshma korxonasi yiliga 16 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash va eksport qilish quvvatiga ega. Bu yerda 100 milliard soʻm evaziga zamonaviy logistika markazi tashkil etilgan. Italiya, Turkiya, Janubiy Koreya va Xitoydan ilgʻor texnologiyalar keltirib oʻrnatilgan.
Masalan, Italiyaning ICEOL texnologiyasi gilosni rangi va kattaligi boʻyicha saralab, qadoqlaydi. Sifatsizlarini lazer nuri orqali aniqlab, alohida joylaydi. Janubiy Koreyadan keltirilgan SNP liniyasi anorni xuddi shunday saralaydi. Mevaning ichidagi pishmagan yoki chiriy boshlagan joyni ham aniq koʻrsatadi. Bu xaridorlar ishonchini qozonib, eksportni rivojlantirishda muhim oʻrin tutmoqda. Korxona mahsulotlari “Global G.A.P.” xalqaro sertifikatiga ega.
Joriy yilda Xitoy, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari, Polsha, Rossiya, Qozogʻiston kabi davlatlarga 20 million dollarlik mahsulotlar eksport qilinadi. Kompaniyada 250 nafar yigit-qiz ish bilan taʼminlangan.
Prezidentimiz bu korxonani doimiy xomashyo bilan taʼminlash masalasiga ahamiyat qaratdi. Buning uchun unga hududdagi bogʻlarni biriktirish, yangi bogʻlar va laboratoriya tashkil etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Bugun davlatimiz iqtisodiy siyosatining asosiy mohiyati – mahalliylashtirish, raqobat, ish oʻrni, daromad. Har bir korxonani tashkil etishga shu nuqtayi nazardan yondashilmoqda.
Fargʻona tumanida ishga tushirilgan “Ekokerama” masʼuliyati cheklangan jamiyati ham shunday.
Bu yerga tashrif chogʻida Prezident Shavkat Mirziyoyev yurtimiz foydali qazilmalarga boyligi, lekin ular asosida tayyorlanadigan materiallar katta miqdorda chetdan keltirilayotganiga eʼtibor qaratdi.
Masalan, Andijon viloyatida kalsit, Samarqandda kvars, Toshkent viloyatida kaolin, Qashqadaryoda dala shpati va Fargʻonada dolomit xomashyosi bor. Lekin yiliga qariyb 650 ming dona santexnika tovarlari import qilingan.
– Shuncha imkoniyat boʻla turib, biz kimni boqyapmiz? Xalqimizni boqsak boʻlmaydimi? – deya haqli savol qoʻydi Prezident. – Mamlakatimizning har bir qarich yeri, har bir boyligi aholi jon boshiga daromadni koʻpaytirishga xizmat qilishi kerak.
“Ekokerama” yiliga 500 ming dona 20 turdagi santexnika mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yaʼni, importning aksariyat qismi oʻrnini toʻldiradi. Bundan tashqari, mintaqamiz davlatlarida 50 million dollarlik bozor bor. Korxona quvvatini oshirib, mahsulotlarning 60 foizini eksportga yoʻnaltirish rejalashtirilgan. 100 foiz mahalliy xomashyodan foydalanilishi hamda energiya tejovchi texnologiyalar qoʻllanilishi sababli “Ekokerama” mahsulotlari xorijiy muqobillariga nisbatan arzon boʻladi.
Korxonaning loyiha qiymati 15 million dollar. Jumladan, 11 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etilgan. Hozirda 500 kishi ish bilan taʼminlanib, test rejimida dastlabki buyumlar tayyorlangan.
Davlatimiz rahbari bu korxonani klasterga aylantirish, karyerlar ajratib berib, kamida 30 yillik xomashyo zaxirasi bilan taʼminlash zarurligini taʼkidladi. Korxonaga mahsulotlarini sotishda koʻmaklashish, xususan, qurilish materiallari bozorlarida doʻkonlarini tashkil etish, davlat tomonidan qurilayotgan obyektlarda bu santexnika buyumlaridan foydalanish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Oʻz navbatida, kompaniya rahbariyatiga mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish, boshqa viloyatlarda ham shunday korxonalar ochib, yana-da koʻp yoshlarni ish bilan taʼminlash tavsiya qilindi.
Shu yerda Fargʻona viloyatida joriy yilda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti oʻtkazildi. Xususan, yengil sanoatdagi loyihalar samarasida paxta tolasini qayta ishlash hajmi keskin oshadi. Joriy yil yakunida kalava ip qayta ishlash darajasi 56 foizga, kelgusi yili 71 foizga yetadi. Ilgari viloyatda jami 80 million dollarlik paxta tolasi oddiy xomashyo sifatida sotilgan boʻlsa, bu yil qariyb 314 million dollarlik tayyor mahsulot eksport qilinadi. Bu koʻrsatkichni 2021-yilda 540 millionga, kelgusida 1 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Umuman, viloyatda 2020-yilda 913 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 62 ming 375 ta ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Margʻilondagi Hunarmandlar markazini borib koʻrdi.
Margʻilon azaldan hunarmandlar shahri boʻlgan. Yaqinda bu yerda mohir usta Ibrohimjon Sultonov tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida Hunarmandlar markazi qurilib, foydalanishga topshirildi. 600 nafar usta faoliyat boshlab, 200 dan ortiq turdagi atlas va adras toʻqish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Ular tomonidan 2 ming nafarga yaqin xotin-qiz, yoshlar ishga jalb etildi.
– Mening eng katta islohotim – har bir oilaning nuri boʻlgan onalarni, xotin-qizlarni rozi qilish. Sizlarning koʻzingizdagi ishonchni, umidni koʻrib baxtiyor insonman. Ayollarni qancha rozi qilsak, Yaratgan bizga kuch-qudrat, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik beradi. Butun dunyo pandemiya oqibatida katta qiyinchilikka uchrayapti. Hech kim ishonmagandi, shu sharoitda mana shunday korxonalar ishga tushira olamiz deb. Bu – Fargʻonadagi oʻzgarishlarning boshlanishi, qaldirgʻochi. Xudo xohlasa, natijalarimiz bundan ham yuqori boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikki qavatli markazning qoʻyi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar toʻqiladi. Birinchi qavatdan tayyor mahsulotlar koʻrgazmasi, podium, chevarxona oʻrin olgan. Bu yerdagi doʻkonda matoga gul chizish, bogʻlash, davra, qad tayyorlash jarayonlari koʻrgazmali tarzda namoyish etiladi.
Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Bu yerda barcha mahsulotlar toʻliq qoʻl mehnati yordamida, 100 foiz toza ipakdan toʻqiladi.
Hunarmand Ibrohimjon Sultonovning “Ismoiljon gilamlari” korxonasi mahsulotlari butun dunyoga mashhur. Hunarmandlar markazida ham mahsulotlarning sifati yuqori. Asl ipakka tabiiy boʻyoqlardan gul chizib, mato toʻqiladi. Shu bois bu mahsulotlarga hozirdan xaridor tayyor. Gilamlar asosan Turkiyaga, atlas, adras matolar AQSH, Italiya, Fransiya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston kabi mamlakatlarga eksport qilinadi.
Hozir chevarlarga 3,5 million soʻmgacha maosh beriladi. Markaz 600 ishchiga moʻljallangan, xotin-qizlarning qolgani kasanachilik asosida uyda oʻtirib mehnat qiladi.
– Oʻtgan yili Qoʻqonda oʻtkazilgan Xalqaro hunarmandchilik festivalida butun dunyodan kelgan hunarmandlar mahsulotlarini koʻrib katta zavq oldim va kelasi yili oʻzimning alohida hunarmandlik maktabimni ochaman deb niyat qilgandim, – deydi Ibrohimjon Sultonov. – Bu yerda Fargʻonaning qadimiy hunarlari targʻib qilinishi barobarida xotin-qizlar bandligi taʼminlandi. Markazimizda birgina atlasning 160 dan ortiq turi toʻqiladi. Bu orqali qadimiy hunarmandlik anʼanalarimizni kelgusi avlodlarga yetkazib, xalqimizning bebaho madaniy merosi sifatida yashashi uchun zamin yaratamiz.
Margʻilon – Fargʻona vodiysining turistik manzillaridan biri. Hunarmandlar markazi ushbu shaharning sayyohlik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi. Osori-atiqalar bilan tanishgan sayyohlar bu yerga kelib atlas, adras toʻqish jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega boʻladi, ham oʻzi xohlagan mahsulotni xarid qiladi, shu yerdagi chevarxonada oʻz didiga mos libos tiktirib kiyib ketaveradi. Markaz binosida bank shoxobchasi faoliyat koʻrsatadi, fotogalereya tashkil etilgan.
Markazda haftaning muayyan kunida milliy matolardan tikilgan liboslar koʻrgazmalari oʻtkaziladi. Bu bilan Margʻilon hunarmandlik anʼanalarini dunyoga namoyish etish, ham ichki turizmni rivojlantirish koʻzda tutilgan. Buning uchun xorijdan dizaynerlar jalb etilgan.
Hozir ayni pilla mavsumi. Fargʻona tumanida 32 mingta mavsumiy ishchi ushbu sohada mehnat qilmoqda. 4 ming 800 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Tumanda tut koʻchati yetishtirish xoʻjaliklari, pilla qurti urugʻi zavodi, 5 ta pillani qayta ishlash korxonasi, bundan tashqari, mato, tayyor kiyim-kechak tikadigan oʻndan ortiq korxona bor.
– Oʻzbekistonda ipak sanoati korxonalari toʻliq klaster tizimiga oʻtdi. Yaʼni, ozuqa bazasini tayyorlashdan boshlab pilla boqish, ipakdan mato, tayyor kiyim-kechak va bozorbop gilamlar toʻqish yoʻlga qoʻyildi, – deydi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov. – Bu yil Fargʻona viloyatida 1 ming 950 tonna pilla yetishtiriladi va tayyorlangan mahsulotlarning 90 foizi eksport qilinadi. Viloyatda oʻtgan yili 5 million dollarlik mahsulot chet elga sotilgan boʻlsa, bu yil 8 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ipak sanoati korxonalarining iqtisodiyotimizdagi oʻrni tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.
Shu yerda viloyatda ipakchilik sohasida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari haqida maʼlumot berildi. Davlatimiz rahbari tarmoq korxonalariga yer ajratib, ish oʻrinlarini koʻpaytirish, odamlarga hozirgi qiyin sharoitga iqtisodiy yordam berish zarurligini taʼkidladi.
Prezidentimiz Fargʻona viloyatida kambagʻal aholi bilan ishlash tizimi boʻyicha amalga oshiriladigan ishlar bilan ham tanishdi. Vazirliklar va tijorat banklari tomonidan bu borada Toshloq tumani misolida loyihalar ishlab chiqilgan boʻlib, davlatimiz rahbari taqdimot chogʻida ayrim banklar hamon yangicha ishlashga oʻtmaganini tanqid qildi.
Mutasaddilarga Toshloq misolida viloyatning barcha tumanlarida issiqxonalar, parrandachilik, pillachilik, quyonchilik klasterlari tashkil etib, kambagʻal oilalar bandligini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimizning Fargʻona viloyatiga tashrifi davom etmoqda.
OʻzA