Energiya samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 4-may kuni yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida samaradorlikni oshirish, energiya sarfini optimallashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Mamlakatimizda iqtisodiyotni keskin rivojlantirish bo‘yicha katta maqsadlar belgilangan. Buning uchun yangi energiya quvvatlarini ishga tushirish, mavjud resurslardan samarali foydalanish talab etiladi.
Masalan, yurtimizda ming dollarlik yalpi ichki mahsulot yaratish uchun rivojlangan davlatlarga nisbatan 2-3 barobar ko‘p energiya sarflanadi. Neft mahsulotlariga yillik talabning 44 foizi import hisobidan qoplanmoqda.
Shu bois yig‘ilishda yaqin yillarda energiya sarfini 2-2,5 barobarga qisqartirish masalalari muhokama qilindi.
Ommabop qishloq xo‘jaligi texnikasi va yuk avtomobillarini gazga moslashgan holda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yil yakunigacha 3 ta propan-butan aralashmasi hamda sintetik yoqilg‘i (GTL) zavodi ishga tushirilishi qayd etildi. Buning natijasida aviakerosin, dizel va suyultirilgan gaz importi to‘liq qisqaradi.
Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan energiyaning 40 foizi binolarni isitish va yoritishga sarflanadi. Bu jarayonda isrofgarchilik ham ko‘p. Masalan, 1 kvadrat metr maydonni isitish uchun yurtimizda o‘rtacha 400 kilovatt-soat, iqlim sharoiti bizga yaqin rivojlangan davlatlarda esa 170 kilovatt-soat energiya ishlatiladi.
Shu bois ko‘p qavatli uylarni loyihalash va qurishda energiya tejovchi texnologiyalarni keng qo‘llash, ijtimoiy soha ob’ektlarining energiya samaradorligini oshirishga xorijiy investitsiyalar jalb qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sanoatdagi energiya sarfi ham tahlil qilinar ekan, har bir soha va tarmoq kesimida ushbu resursni tejash va samaradorligini oshirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Xalqaro energoaudit tashkilotlarini jalb qilib, 285 ta yirik sanoat korxonasining energiya samaradorligini o‘rganish, uch smenada ish tashkil etgan tadbirkorlarga kechki smena uchun elektr tarifini 1,5 baravar kamaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari – hali to‘la foydalanilmayotgan ulkan rezervlardan biri. Albatta, bu yo‘nalish boshida katta xarajat talab qiladi. Lekin, bu kelajakda tabiiy gaz va neft tanqisligini hal qilish, iste’molchilar uchun esa sarf-xarajatlarni kamida 2 barobar tejash imkonini bersa, o‘zini oqlaydi.
Misol uchun, agar 150 mingta xonadonga quyosh panellari va suv isitish tizimlari o‘rnatilsa, yiliga 319 million kub metr tabiiy gazni tejasa bo‘ladi.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish, qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqib, jahon tajribasi asosida iste’molchilarga qo‘shimcha shart-sharoit yaratish muhimligi ta’kidlandi. Sohaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar jalb qilish, viloyatlarda quyosh fotoelektr va shamol elektr stansiyalari qurishga doir masalalar ko‘rib chiqildi.
Elektr energiyasi hamda tabiiy gaz sarfini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini yanada keng joriy etish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Karantin sababli yoqilg‘i-energetika korxonalarida mablag‘ tanqisligi vujudga kelishini inobatga olib, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aylanma mablag‘larini ko‘paytirish chora-tadbirlari belgilandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti