Shavkat Mirziyoyev: yurtdoshlarimiz chinakam sabr-toqat va mas’uliyat, mehr-oqibat fazilatlarini namoyon etmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 29-aprel kuni pandemiya davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash va narx-navo barqarorligini saqlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Tadbir avvalida 27-aprel kechasi Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo viloyatlarida yuz bergan tabiiy ofat va uning oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlariga hamda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi, keng jamoatchilikka murojaat qildi. Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:
– Xabaringiz bor, men kecha Buxoro viloyatida bo‘lib, yuzaga kelgan vaziyat bilan yaqindan tanishdim. Bu masala bo‘yicha tuzilgan Respublika komissiyasi va joylardagi mas’ul mutasaddilar bilan birgalikda ushbu hududlarda amalga oshiriladigan barcha ishlarni batafsil muhokama qilib, tegishli chora-tadbirlarni belgilab oldik.
Mazkur viloyatlarda bir qator ijtimoiy soha ob’ektlari, tabiiy gaz va elektr tarmoqlariga, turar-joy binolari va madaniy meros inshootlariga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi maydonlariga jiddiy talofot yetgan.
Shuni ta’kidlab aytmoqchimanki, davlatimiz, hukumatimiz tomonidan tabiiy ofatdan zarar ko‘rgan tashkilot va xo‘jaliklarga, fuqarolarga yordam va ko‘mak berish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar o‘z vaqtida amalga oshiriladi.
Takror aytaman, bironta ham yurtdoshimizni, bironta ham oilani ushbu kutilmagan falokat qarshisida yolg‘iz qoldirmaymiz.
Endi epidemiologik vaziyat va pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha ishlarga to‘xtalsak.
Bugungi kunda mamlakatimiz bo‘yicha ushbu kasallikka chalingan 1066 nafar yoki 55 foiz bemor to‘liq sog‘ayganini alohida qayd etmoqchiman. Oxirgi 5 kunda – 505 nafar.
Qolgan 894 nafar bemorni ham davolash yuzasidan, o‘zimizda amaliy yordam berayotgan 18 nafar xitoylik, germaniyalik, koreyalik vrachlar hamda telemeditsina orqali boshqa yetakchi xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlik qilgan holda, barcha zarur choralar ko‘rilmoqda.
Mamlakatimiz tibbiyot xodimlarining bugungi kunda kasallikka qarshi olib borayotgan mashaqqatli va o‘ta mas’uliyatli mehnatini munosib qadrlash va rag‘batlantirish uchun kuni kecha yana bir muhim qarorni imzoladim.
Unga ko‘ra, sanitariya-epidemiologiya xizmatining qariyb 11 mingga yaqin barcha toifadagi tibbiyot xodimlarining ish haqi 2,5 baravarga oshirildi.
Umuman, karantin qoidalarini o‘z vaqtida joriy etganimiz va xalqimiz unga sabr-toqat bilan amal qilayotgani tufayli ko‘plab tuman va shaharlarda infeksiya tarqalishiga yo‘l qo‘ymadik.
Qadrli yurtdoshlar!
Shu o‘rinda ko‘nglimdagi bir fikrni jamoatchiligimiz, xalqimizga ochiq aytmoqchiman.
Mana, bir yarim oydan oshdiki, el-yurtimiz “Uyda qoling” degan da’vatga amal qilib, yuksak jasorat ko‘rsatib, yalpi karantin sharoitida yashamoqda. Oilam, bola-chaqam, deb tinib-tinchimaydigan, ertayu kech g‘ayrat bilan mehnat qiladigan xalqimiz uchun bunday majburiy holat, albatta, oson kechayotgani yo‘q.
Yurtdoshlarimiz og‘ir sinov kunlarida chinakam sabr-toqat va mas’uliyat, mehr-oqibat fazilatlarini namoyon etyapti.
Buni jahon hamjamiyati ham tan olib, har tomonlama e’tirof etmoqda.
Fursatdan foydalanib, pandemiyaga qarshi kurashning oldingi saflarida chinakam qahramonlik ko‘rsatayotgan barcha shifokorlarimizga, shu jumladan, tez yordam xizmati xodimlari va haydovchilariga alohida minnatdorchilik bildiraman.
Shu jarayonda o‘zini ayamasdan xizmat qilayotgan huquq-tartibot idoralari xodimlariga, mard va jasur harbiylarimizga, vazirlik va idoralar, hokimliklarning rahbarlari va xizmatchilariga, muhtaram nuroniylarimiz va mahalla faollariga, saxovatpesha tadbirkorlarimizga, olimlarimiz, o‘qituvchi va domlalar, ijodkor ziyolilarimiz, imom-xatiblarimizga chin dildan rahmat aytaman.
Hozirgi murakkab sharoitda o‘z professional burchini vijdonan bajarayotgan ommaviy axborot vositalari vakillariga, insonparvarlik namunasini ko‘rsatib, ko‘ngilli bo‘lib volontyorlik harakatida qatnashayotgan fidoyi yoshlarimizga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan katta minnatdorchilik bildiraman.
Hurmatli do‘stlar!
Respublikamizda sanitar-epidemiologik vaziyat asta-sekin barqarorlashib borayotganini hisobga olib, mutaxassislar bilan maslahatlashgan holda, karantindan bosqichma-bosqich chiqish bo‘yicha navbatdagi qadamlarni qo‘yish vaqti keldi.
Chunki hayot davom etmoqda.
Biz ertangi kun haqida, el-yurtimizning kelajagi to‘g‘risida har daqiqa o‘ylashimiz kerak.
Birinchidan, sanitariya-epidemiologiya holatining ijobiy dinamikasi, ob-havo sharoiti va fuqarolarning ko‘plab murojaatlarini inobatga olgan holda, shahar va tumanlardagi ko‘p qavatli uylarning ichki hovli va hududlarida ota-onalar hamrohligida bolalarini sayr qildirishga ruxsat berish kerak. Bunda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilish talab etiladi.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya ushbu topshiriqning ijrosini so‘zsiz ta’minlash chorasini ko‘rsin.
Toshkent shahri bu borada namuna bo‘lishi kerak.
Ikkinchidan, pishib yetilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari nobud bo‘lishining oldini olish maqsadida aholi talablaridan kelib chiqib, fermer va dehqonlarimiz tomonidan yetishtirilgan meva-sabzavot, poliz va ko‘kat mahsulotlarini joylarga yetkazish va sotish uchun viloyatlararo va shaharlararo qatnovlarni amalga oshirishga ruxsat berish lozim.
Misol uchun, ilgari Farg‘ona vodiysidan Qamchiq dovoni orqali poytaxtimiz va boshqa viloyatlarga katta hajmda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berilar edi. Hozir bu yo‘l yopib qo‘yilgan. Yoki Samarqand viloyatidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Zarafshon shahri va boshqa hududlarga ko‘plab mahsulotlar olib borilar edi. Bu ishlar ham hozir to‘xtab turibdi. Shuning uchun Bosh prokuror boshchiligidagi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash komissiyasiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylarga yetkazib berish bo‘yicha 24 soat ishlaydigan uzluksiz tizim tashkil etish topshiriladi.
Ichki ishlar vazirligi dehqon va fermer xo‘jaliklarining avtotransport vositalarini hududlararo postlarda kutib olish, ularni tashkil etilgan yarmarkalar va savdo nuqtalariga tartib bilan kuzatib borishni ta’minlasin.
Davlat soliq qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi sotish uchun olib kelinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini joylarda aholi talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, savdo maydonchalari, yarmarka va bozorlarga yo‘naltirib borsin.
Uchinchidan, aholi orasida kasallikka chalinish dinamikasi pasayib borayotganini inobatga olib, fuqarolarimiz tomonidan shaxsiy avtotransportdan foydalanishga cheklovlarni ham sekin-asta yumshatish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Respublika komissiyasi tegishli cheklovlar o‘rnatilgan hududlarda aholi tomonidan ertalab soat 7:00 dan 10:00 gacha hamda kechqurun 17:00 dan 20:00 gacha shaxsiy avtomashinalardan foydalanishga ruxsat berilishini ta’minlasin.
Bunda:
shaxsiy avtotransportdan, birinchi navbatda, fuqarolarimizning ish joyiga, tibbiyot muassasalariga borishi va uyiga qaytishi, iste’mol mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlarni xarid qilishi uchun foydalanishi;
maxsus ruxsatnomalarga (stikerlarga) ega va yetkazib berish xizmatini ko‘rsatayotgan fuqarolar esa shaxsiy avtotransportda hech qanday cheklovsiz harakatlanishi mumkinligi belgilansin.
Shu bilan birga, hurmatli olimlarimizga, ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlariga, professor-o‘qituvchilarimizga sanitariya-gigiyena normalarini ta’minlagan holda o‘z laboratoriya va kafedralarida kundalik ishlarini davom ettirishlariga ijozat berish maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Ular ilmiy va o‘quv jarayonlarini tashkil etishga asta-sekin tayyorgarlik ko‘rib borishlariga, men o‘ylayman, vaqt berishimiz kerak.
Albatta, vaziyatimiz yaxshilanib, ijobiy tomonga o‘zgarib borishi bilan, 10-maydan keyin biz karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatishga qaratilgan ishlarimizni yanada dadilroq davom ettiramiz.
Lekin takror va takror aytaman: hamma joyda sanitariya talablariga amal qilishga birinchi darajali masala deb qarashimiz kerak.
Mamlakatimizda pandemiyaga qarshi kurash borasida o‘tgan vaqt mobaynida muhim tajriba orttirildi. Endi undan yuqumli kasalliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish hamda tibbiy madaniyatni oshirish yo‘lida samarali foydalanishimiz zarur.
Ta’kidlab aytaman, agar bu talablarga barchamiz qat’iy amal qilmasak, sanitariya-karantin normalariga ahamiyat bermasak, shuncha qilgan ishlarimiz, ko‘rgan chora-tadbirlarimiz zoye ketishi hech gap emas.
Eng asosiysi, har birimizning sog‘lig‘imiz o‘zimizga va, ayni vaqtda, butun xalqimizning sog‘lig‘i har birimizga, bizning ongu tafakkurimiz, tartib-intizom va sabr-bardoshimizga bog‘liq ekanini barchamiz hech qachon unutmasligimiz kerak.
Hurmatli selektor qatnashchilari!
20 apreldagi yig‘ilishda virusdan xoli tuman va shaharlarda karantin qoidalariga qat’iy amal qilgan holda, korxonalar faoliyatini tiklash bo‘yicha topshiriq berilgan edi.
Bunda, yana bir bor takrorlayman, shoshilmasdan, puxta o‘ylab, karantin qoidalariga to‘liq amal qiladigan korxonalar ishini tiklash lozim.
Bu borada Namangan viloyatida faoliyatini to‘xtatgan yoki past quvvatda ishlayotgan 10 mingdan ziyod korxonadan 2 ming 854 tasining ishini tiklash bo‘yicha qaror qabul qilingan. Yana 851 tasining ishlashiga ruxsat berish masalasi o‘rganilmoqda.
Xorazm viloyatida 3 ming 350 ta ishlamayotgan korxonadan 448 tasining faoliyati tiklanadi, 409 tasi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazilmoqda.
Jizzax viloyatida ish quvvatini pasaytirgan 6 mingdan ziyod korxonadan 534 tasining faoliyatini tiklash bo‘yicha qaror qabul qilingan, 332 tasiga ruxsat berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Toshkent viloyatida ish hajmi keskin pasayib ketgan 14 mingta korxonadan 5 ming 399 tasining faoliyatini tiklash bo‘yicha qaror qabul qilingan, 2 ming 833 tasi bo‘yicha o‘rganish davom etmoqda.
Bugun hokimlar va sektor rahbarlari o‘z hisobotida korxonalar faoliyatini tiklash bo‘yicha ishlarni qanday tashkil etgani va ularda karantin qoidalari to‘liq bajarilishini shaxsan kafolatlashi to‘g‘risida axborot berishi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti