Toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 23-aprel kuni toʻqimachilik sanoati barqarorligini taʼminlash, pandemiyaning sohaga taʼsirini yumshatish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.
Mamlakatimiz toʻqimachilik sanoatida 2 mingdan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda, ularda 365 ming nafar aholi ishlaydi. Sohaning eksport salohiyati soʻnggi 3 yilda 2 baravar oshdi. Oʻtgan yili bu boradagi koʻrsatkich 1,6 milliard dollarni tashkil etdi.
Lekin bular ham hali yetarli emas. Sohada rezerv va imkoniyatlar yetarli. Xususan, yurtimizda yetishtirilgan paxtani toʻliq qayta ishlab, eksportni 15 milliard dollarga yetkazish va 3 milliondan ortiq aholini ish bilan taʼminlash imkoniyati mavjud.
Yigʻilishda pandemiya davrida tarmoqni barqaror ishlatish uchun korxonalarni aylanma mablagʻ bilan taʼminlash masalasi koʻrib chiqildi.
Joriy yil 1-aprelga qadar sotilgan paxta tolasining yakuniy toʻlov muddatini 90 kundan 150 kunga uzaytirishga koʻrsatma berildi.
Moliya vazirligiga korxonalarning aylanma mablagʻini oʻzida saqlab qolish uchun eksport bojxonada rasmiylashtirilgan zahoti qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarib berish mexanizmini joriy qilish topshirigʻi berildi.
Kelgusi 5 yilda tayyor mahsulot ishlab chiqarishni 4-5 baravarga koʻpaytirish, tannarxni raqobatchilarga nisbatan arzonlashtirib, tashqi bozorlarni egallash boʻyicha topshiriqlar berildi. Buning uchun mahsulotlar assortimentini kengaytirib, sifatini keskin oshirish zarurligi alohida taʼkidlandi.
Xususan, xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda yirik eksport korxonalari tashkil etib, taniqli brendlar asosida bozorbop mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan koʻrsatma berildi.
Shu maqsadda Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida tayyor mahsulot eksport qiluvchi yangi korxonalar uchun texnopark tashkil etiladi. Ushbu loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi tomonidan kredit liniyasi doirasida 300 million dollar mablagʻ ajratiladi.
Yigʻilishda xomashyo yetishtirish va ishlab chiqarish zanjirida tannarxni kamaytirish masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi.
Mamlakatimizda yillar davomida paxta tolasining oʻzi eksport qilingani uchun uning narxi Liverpul kotirovkasiga bogʻlangan edi. Aslida paxta tolasi Nyu-York birjasida sotiladi va uning narxi Liverpulnikidan 10 foizga arzon yuradi.
Bu toʻqimachilik mahsulotlari qiymati oshishiga taʼsir qilayotgani qayd etilib, mutasaddilarga paxta tolasi narxini xalqaro birja kotirovkasiga oʻtkazish yuzasidan topshiriq berildi.
Yigʻilishda toʻqimachilik korxonalarining tashqi bozorlarga chiqishi uchun qulay sharoit yaratish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Bu sohadagi tayyor mahsulotlarimiz eksporti asosan mintaqa bozoriga bogʻlanib qolgan. Eksportyorlar Yevropaga kirishi uchun 15 foiz boj toʻlash va 4 baravar koʻp transport xarajati qilishga majbur boʻlmoqda.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasiga Yevropa Ittifoqi bozorlari uchun “GSP+” maqomini olish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, Xalqaro moliya korporatsiyasi koʻmagida mahsulotlarni “BSI” standartlari asosida sertifikatlash ishlarini jadallashtirish kerakligi taʼkidlandi. Eksportyorlar xarajatlarini subsidiya qilishni yana-da kengaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Yigʻilishda koʻrilgan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti