Bogʻdagi zavqli bayram
Poytaxtimizdagi “Navroʻz“ bogʻida 1-mart kuni zavqli kuy-qoʻshiqlar, oʻyin-kulgu yana-da avjiga chiqdi.
Bu yerda koʻtarinki ruhda nishonlangan slavyan xalqlarining ʼShirokaya maslenitsa“ bayramiga milliy madaniy markazlar, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, hamyurtlarimiz taklif etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustambek Qurbonov, Toshkent va Oʻzbekiston Mitropoliti, Oʻrta Osiyo mitropoliya okrugi rahbari Vikentiy, Oʻzbekiston rus milliy madaniyat markazi raisi Sergey Mironov mamlakatimizda millatlar va diniy konfessiyalar oʻrtasidagi hamjihatlikni taʼmilash masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotganini taʼkidladi.
Darhaqiqat, 130 dan ortiq millat vakillari yagona va ahil oila farzandlaridek inoqlikda yashab, mehnat qilayotgan mamlakatimizda barcha millat va elatlarning anʼanalarini saqlashga doimiy eʼtibor qaratilmoqda.
— Maslenitsa slavyan xalqlarida juda qadimdan nishonlanib, ahillik, mehr, ezgulik ayyomi sifatida bayram qilingan, — dedi rus milliy madaniy markazi faoli Valentin Aristov. — Quyoshli yurtimizda ushbu bayramga odamlar hordiq chiqarish, oʻzaro samimiy muloqot qilish, tabiatdan, bahorning ilk iliq va nurli kunlaridan bahra olish uchun kelishgani diqqatga sazovor.
Quvnoq sayl tarzida oʻtkazilgan tadbirda yurtimizning turli hududlaridagi milliy madaniy markazlarning badiiy jamoalari, bolalar havaskorlik ansambllari oʻz musiqiy dasturlarini namoyish etdilar. Pazandalik, milliy hunarmandchilikka oid koʻrgazma-yarmarka bayramga yana-da rang-baranglik bagʻishladi.
OʻzA