SANKT-PETERBURG, 30-sentabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Bosh konsulxonasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari sayloviga bag'ishlagan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Rossiya oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan vatandoshlar va diaspora faollari ishtirokida bo'lib o'tgan tadbirda O'zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan o'zgartishlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga bo'lajak saylovlar haqidagi batafsil ma'lumot berildi. Qonunchilik palatasiga saylovlar mamlakatimiz tarixida birinchi marta aralash – majoritar-proporsional tizimda o'tkazilishi qayd etildi.
Shuningdek, Rossiya shimoli-g'arbiy federal okrugida O'zbekiston parlamenti saylovlariga tayyorgarlikning borishi haqidagi so'zlab berildi. Vatandoshlarga konsullik ro'yxatidan o'tmasdan ovoz berish uchun saylovchilar ro'yxatiga kiritish bo'yicha arizani elektron shaklda yuborish imkonini beruvchi https://saylov.mfa.uz/ veb-sayti yo'lga qo'yilgani ma'lum qilindi.
Bosh konsulxona huzurida 32-saylov uchastkasi tuzilgani va fuqarolarimiz zich joylashgan hududlarda sayyor muddatidan oldin ovoz berish nuqtalari tashkil etilishi ta'kidlandi.
O'z navbatida, hamyurtlarimiz bo'lajak saylovda faol ishtirok etishlarini va boshqalarni ham shunga chaqirishlarini bildirdilar.
Tadbir so'nggida, yig'ilganlar uchun bo'lajak parlament sayloviga tayyorgarlik ko'rish va o'tkazishga bag'ishlangan videoroliklar namoyish etildi.