O‘zbekiston va Tojikiston birgalikda GES qurishni muhokama qilmoqda
Toshkentda Tojikiston va O‘zbekiston Respublikasi ishchi guruhlarining Tojikiston Respublikasi hududida Zarafshon daryosida birgalikda GES qurish masalasini muhokama qilish bo‘yicha muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
28-yanvar kuni O‘zbekistonga Tojikistonning energetika va suv xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Shoimzoda Jamshed Shodi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.
«Muzokaralar davomida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Jo‘rabek Mirzamaxmudov ta'kidlaganidek, uchrashuvning maqsadi O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan Tojikiston Respublikasi hukumati o‘rtasida Zarafshon daryosida gidroelektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanishda ulushbay ishtirok etish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi bitim loyihasini muhokama qilishdan iborat.
Ma'lum kelishuvlarga erishilganidan so‘ng loyiha tafsilotlari elektr energiyani xarid qilish va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishini ishlab chiqish to‘g‘risidagi bitimda bayon qilinadi.
Gidro elektr stansiyalarni bosqichma-bosqich amalga oshirilishi ko‘zda tutiladi: dastavval hisob-kitob qiymati 282 mln dollar, quvvati 140 MVt bo‘lgan, 700-800 mln. kVt-soat elektr energiya ishlab chiqaruvchi Yovon GESi quriladi. Navbatdagi bosqichda tomonlar Fandaryoda hisob-kitob qiymati 270 mln dollar, quvvati 135 MVt bo‘lgan, 500-600 mln. kVt-soat elektr energiya ishlab chiqaruvchi GES qurilishi imkoniyatini ko‘rib chiqadi.
Qurilgan gidroelektrostansiyalar faqat O‘zbekiston Respublikasi ehtiyojlari uchun 1400 mln. kVt.s ekologik sof elektr energiya ishlab chiqaradi.
Shuningdek, loyiha yagona energotizimi quvvatining eng yuqori nuqtasini saqlashga, GESni birga qurish va foydalanishda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratilishiga, elektr energiyaning teng asosda O‘zbekiston va Tojikistonning boshqa hududlariga uzatilishiga ko‘maklashadi.
Tojikiston tomoni ta'kidlaganidek, «ushbu uchrshuv loyihani amalga oshirish borasida birinchi qadam bo‘lib, ikki davlat yetakchilari irodasini ifodalaydi».
Shuningdek, delegatsiya a'zolari O‘zbekiston tomonidan energetika sohasida jadal islohotlar amalga oshirilayotganligini ta'kidladi.
Qo‘shimcha tarzda aytish mumkinki, Tojikistonda Zarafshon daryosida umumiy quvvati 320 MVt ga teng ikkita GESni birgalikda qurish masalasini ishlab chiqish O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Tojikiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 17 avgustda imzolangan Qo‘shma bayonotida ko‘zda tutilgan edi.
Keyinchalik ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi prezidentining qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»da aks ettirilgan», O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati xabarida.
Kun.uz