Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari bilan uchrashuv
2020-yilning 27-yanvar kuni Berlin shahriga amaliy tashrif bilan kelgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Afg‘oniston Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mirvays Nabom bilan uchrashdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston-Afg‘oniston kun tartibining dolzarb masalalari, shuningdek, mintaqadagi vaziyat muhokama qilindi.
O‘zaro fikr almashish chog‘ida O‘zbekiston tomonining Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishdan manfaatdorligi va afg‘onlararo tinchlik muzokaralarini boshlashga ko‘maklashishga tayyorligi ta’kidlandi.
Afg‘oniston tashqi siyosat idorasi rahbari o‘rinbosari mintaqadagi integratsion jarayonlarga uning mamlakatini jalb etish va Afg‘oniston iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan infratuzilma loyihalarini tadbiq etishda amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha izchil sa’y-harakatlar uchun O‘zbekiston rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi.
Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.