O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi to‘g‘risida axborot
Toshkentda 2020-yil 20-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda hukumat a’zolari, markaziy idoralar rahbarlari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi yangradi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi va nutq so‘zladi.
Birinchi majlisning Muvaqqat kotibiyati, Sanoq komissiyasi hamda Ovozlarni hisoblash elektron tizimidan foydalanishni nazorat qiluvchi muvaqqat guruh saylab olindi va kun tartibi tasdiqlandi. Markaziy saylov komissiyasi raisi Qonunchilik palatasiga bo‘lib o‘tgan saylov yakunlari to‘g‘risida axborot berdi.
Ma’lumki, mamlakatimizda 2019-yil 22-dekabr kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovlar qonun talablari asosida, xalqaro saylov standartlariga mos ravishda, yuksak uyushqoqlik bilan, siyosiy partiyalarning real raqobat sharoitida o‘tkazildi. Bu galgi saylovlar “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida, yangi Saylov kodeksi asosida tashkil etildi.
Saylov kodeksida saylov jarayoni ishtirokchilari, ya’ni saylovchilar, siyosiy partiyalar, saylov komissiyalari, ommaviy axborot vositalari hamda kuzatuvchilarning huquq va kafolatlari kengaytirildi. Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali saylov jarayonini boshqarish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlari ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik asosida o‘tkazildi.
Saylovda bevosita ishtirok etgan nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda 50 ga yaqin davlatdan kelgan 825 nafar xalqaro kuzatuvchi, 1 ming 155 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakili saylovlar umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq o‘tganini qayd etdi.
Umuman olganda, bo‘lib o‘tgan saylov demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, xalqimizning turmush darajasini yanada yuksaltirish, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak maqsadlarga erishish yo‘lida yurtdoshlarimiz hamjihatlikda harakat qilayotganini yana bir bor namoyon qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamentiga muvofiq, quyi palata Spikerini saylash uchun Siyosiy partiyalar vakillari kengashi tuzildi. Mazkur kengash taklifiga binoan, deputatlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan Nurdinjon Ismoilovni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri etib sayladi.
Shundan so‘ng majlisga raislik qilish vakolati Spikerga o‘tdi. Nurdinjon Ismoilov majlis kotibiyatiga kelib tushgan 5 ta siyosiy partiya fraksiyasi rahbarlari tomonidan fraksiyalar tuzilgani to‘g‘risidagi ta’sis bayonnomalarini o‘qib eshittirdi. Shunga asosan Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalari ro‘yxatga olindi.
Deputatlar Qonunchilik palatasi Spikerining yangi ta’sis etilgan birinchi o‘rinbosari lavozimiga deputat Akmal Saidovni, Spikerning o‘rinbosarlari lavozimlariga Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Aktam Haitovni, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirovni, O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Narimon Umarovni, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatovni va O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi rahbari Boriy Alixonovni sayladilar.
«O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida»gi qonun hamda siyosiy partiyalar fraksiyalarining qabul qilgan yaxlit (umumiy) qaroriga asosan qo‘mitalar raisi lavozimlari deputatlarning qaysi partiyaga mansubligi hamda saylovda partiyalar egallagan o‘rin hisobga olingan holda aniqlanadi. Shu munosabat bilan deputatlar tomonidan Qonunchilik palatasi qo‘mitalari raislari lavozimlarini siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘rtasida taqsimlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Deputatlar parlament quyi palatasi qo‘mitalarining raislarini ham sayladi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqidagi murojaati e’tiborga olindi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.
Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining birinchi majlisi o‘z ishini yakunladi.
O'zA