Namangan viloyati: rejalarimiz ko‘lami har bir kundan unumli foydalanishni taqozo etadi
Poyoniga yetgan yilda yurtimizning barcha hududida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini ta’minlovchi ko‘plab istiqbolli loyihalar ro‘yobga chiqarildi. Xususan, Namangan viloyatida ham shunday yangilanishlar tufayli hudud qiyofasi tubdan o‘zgarib, iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar samarasi aholi hayot tarzida o‘z ifodasini topmoqda. Eng muhimi, odamlar olib borilayotgan islohotlardan mamnun, o‘tayotgan kunidan rozi, taraqqiyotimiz yo‘lidagi ezgu ishlarga kamarbasta.
Muxbirimiz o‘tgan bir yil davomida Namanganda amalga oshirilgan ishlar, joriy yilga rejalashtirilgan chora-tadbirlar xususida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan suhbatlashdi.
— Fikrimni avvalo, davlatimiz rahbari o‘tgan yilning 28-fevral — 1-mart kunlari viloyatimizga tashrifi chog‘ida “2019-yil Namangan yili bo‘ladi”, deya bizga katta ishonch bildirganidan, taqdim etgan loyihalarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaganidan boshlashni istardim. Chunki o‘sha tashrif yakunlariga ko‘ra, 1 424 ta yirik va o‘rta loyihani o‘z ichiga olgan uch yillik dastur ishlab chiqildi, — deya so‘z boshladi viloyat hokimi. — Unda belgilangan vazifalarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida 2019-yilning o‘zida mingga yaqin loyihalar ro‘yobga chiqarilib, 5,5 trillion so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirildi. Misol uchun, Namangan shahridagi to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “APT sof teks” MChJ tomonidan umumiy qiymati 293,5 milliard so‘m bo‘lgan yirik loyiha ishga tushirildi. Bundan tashqari, 100 milliard so‘m mablag‘ hisobiga “Uz Tex Group” qo‘shma korxonasining Norin va Chortoq tumanlarida filiallari barpo etildi. Ayni paytda ularda 1300 nafardan ziyod kishilar mehnat qilayotir. Namangan tumanida esa farmasevtika sohasida faoliyat olib borayotgan “Merrymed farm” MChJ tomonidan 54 milliard so‘mlik loyiha nihoyasiga yetkazildi. Umuman, dastur doirasida 110 ta ijtimoiy va infratuzilma obyektida rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
O‘tgan yil Namangan dunyo sarmoyadorlari uchun keng ochilgan viloyatlardan biriga aylangani ko‘ngilda faxr tuyg‘ularini uyg‘otadi. Buni quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi. Ya’ni 2019-yilda 154 ta hududiy loyiha doirasida 300 million AQSh dollaridan ko‘proq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi. Vaholanki, 2018-yilda bu raqam 74 million AQSh dollaridan iborat edi. Bugungi kunga kelib o‘sish sur’ati salkam 3,5 barobarni tashkil etmoqda.
Viloyatda qo‘shma korxonalar tashkil etish ishlari ham jadal olib borilyapti. Raqamlarga e’tibor beradigan bo‘lsak, 2017 yilda 20 ta, 2018 yilda 40 ta hamkorlik korxonasi ishga tushirilgan edi. Yakunlangan yilda esa 88 ta qo‘shma korxona davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
Aytish kerakki, xorijiy kompaniyalar va ishbilarmonlik tuzilmalarini jalb etishda viloyatimizda o‘tkazilayotgan iqtisodiy forum va boshqa anjumanlarning o‘rni beqiyos bo‘ldi. Jumladan, 2019 yilning iyun oyida o‘tkazilgan Xalqaro iqtisodiy forum da 350 dan ortiq xorijiy investorlar Namangan salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Forum yakunida 340 million AQSh dollaridan ko‘proq qiymatdagi 48 dan ziyod shartnomalar imzolandi. Shuningdek, o‘tgan yilning sentabr oyida farmatsevtika va tibbiyot bo‘yicha xalqaro forumga mezbonlik qildik. Uning yakunida dori-darmon va boshqa turdagi tibbiy vositalar yetkazib berish bo‘yicha 90 million AQSh dollariga teng 10 ta muhim kelishuvga erishildi.
Hozirgi kunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yo‘naltirilgan ko‘plab loyihalar ijrosiga kirishilgan. Ulardan biri To‘raqo‘rg‘on tumanida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda barpo etilayotgan “Hyundai” avtomobil zavodidir. 200 million AQSh dollari qiymatida sarmoya yo‘naltirilgan mazkur korxona bitgach, yiliga 3000 tagacha tijorat avtomobillari ishlab chiqariladi. Yana bir yirik loyiha Chust tumanida xitoylik investorlar bilan hamkorlikda “TAI Chang spesial stell” MChJ tomonidan umumiy qiymati 50 million AQSh dollariga teng metallni qayta ishlash loyihasi amalga oshirilmoqda.
Bunday misollarni nafaqat ishlab chiqarish, balki ijtimoiy soha, xizmat va servis jabhasidan ko‘plab keltirish mumkin. Umuman olganda, Namanganning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish uchun viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida faol ish olib borilmoqda. Bu tabiiy jarayon. Negaki, xorijiy sarmoyador uchun aeroportdan boshlab ovqatlanish joylarigacha, yurish yo‘llaridan tortib bozorgacha — hammasi muhim. Zero, investor o‘zini uyidagidek his qilgan joygagina sarmoyasini ishonch bilan yo‘naltiradi.
— Bugun tadbirkorlik harakati iqtisodiyotning lokomotiviga aylanmoqda. Viloyatda ushbu sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtalib o‘tsangiz...
— Tadbirkorlik rivoji bo‘yicha viloyatimizda katta ishlar qilinmoqda. Ayni paytda yalpi hududiy mahsulotda soha vakillarining ulushi salkam 80 foizga yetgani ana shu sa’y-harakatlar samarasidir.
Viloyatimizda yengil va oziq-ovqat sanoati, binokorlik materiallari ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarda rivojlanish yuqori. Endi tadbirkorlarimiz boshqa sohalarni ham qamrab olishlari zarur. Buning uchun shart-sharoit yetarli. Misol uchun, “Namangan” va “Kosonsoy-farm” erkin iqdisodiy zonalari, 15 dan ortiq kichik sanoat hududlari imkoniyatidan keng foydalanish talab etiladi. Yana bir masala: endi mahsulotini faqat ichki bozorgagina sotaman, degan tadbirkor uzoqqa bora olmaydi. Kichik korxona va firmalarimiz tashqi bozordan ham o‘z o‘rinlarini topishlari zarur.
Biznes qilaman, degan odamga, eng avvalo, yer, bino kerak. Bilsangiz, joy so‘rab qabulga kelayotgan tadbirkorlar soni juda ko‘p. Nima, faqatgina yangi bino qurish kerakmi? Vaholanki, joylarda foydalanilmay yotgan davlat mulki obyektlari mavjud. Biz ularni ishbilarmonlarga imtiyozli shartlar asosida yoki “nol” qiymatda taqdim etishga tayyormiz. Tadbirkorlar bilan uchrashuvlar chog‘ida ularning manfaatlarini doimo qo‘llab-quvvatlash haqida gapiramiz. O‘ylaymanki, shu singari masalalarni izchil yechar ekanmiz, taraqqiyot sur’atlari yanada tezlashadi.
— Hayotga tatbiq etilayotgan dasturlar zamirida aholi turmush farovonligini yuksaltirishdek ezgu maqsad ustuvor o‘rin tutadi. Aytingchi, ijtimoiy yo‘nalishda ham investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilganmi?
— E’tibor bergan bo‘lsangiz, yangi yilning birinchi haftasida ijtimoiy tarmoqlarda viloyat ahlini mahalliy byudjetning sohalar bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan tanishtirdik. Unda, masalan, sog‘likni saqlash sohasi uchun 57,9 milliard, ta’lim sohasiga 10.1 milliard, madaniyat sohasiga 1.1 milliard, obodonlashtirish tizimiga 4,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilganligi ko‘rsatilgan. Tabiiyki, bularning barchasi xalqimizning munosib hayot kechirishi uchun yetarli shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega.
Eng zamonaviy ta’lim maskani hisoblangan Prezident maktabi poytaxtdan keyin Namanganda ochilganligi bizga iftixor bag‘ishlaydi. Innovatsion ta’lim texnologiyasi, xorijlik va mahalliy pedagoglardan saralangan jamoa vakillari jalb etilgan mazkur ta’lim maskanida jiddiy sinovlar asosida qabul qilingan 144 nafar o‘g‘il-qiz tahsil olmoqda. Ular yangi O‘zbekistan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan, malakali kadrlar bo‘lib yetishishiga ishonchimiz komil.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus ijrosi doirasida “Nodirabegim” axborot-kutubxona markazining qiyofasi tubdan yangilandi. Bu yerda kitobxonlar uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratildi.
— Oldinroq Namangan viloyati sog‘liqni saqlash sohasi asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha respublikada yetakchi o‘ringa chiqib olgani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi...
— Buni sohaga ko‘rsatilayotgan doimiy e’tibor, xususan, tibbiy muassasalar moddiy-texnik imkoniyatlari mustahkamlanib, shifokorlarimizning tashxis qo‘yish va davolash ishlariga ilg‘or texnologiya, zamonaviy vositalarni dadillik bilan joriy etayotganliklari samarasi desa to‘g‘ri bo‘ladi. Aytish kerakki, keyingi paytlarda soha mutaxassislari yaqin vaqtgacha, asosan, xorijda amalga oshirilgan murakkab jarrohlik amaliyotlarini mahalliy sharoitda bajarayotganliklari ko‘pchilikni ajablantirmay qo‘ydi. Misol uchun, ayrim yurak xastaligi bilan og‘rigan hamyurtlarimiz tibbiy yordam olish uchun katta mablag‘ sarflab, Hindiston, Germaniya, Rossiya davlatlariga murojaat qilib kelishgani sir emas. Mana, ikki yildirki, viloyatdagi kardiologiya markazida yurak bilan boglik sun’iy qon aylantirish sharoitidagi noyob amaliyotlar muvaffaqiyatli o‘tkazilmoqda. Joriy yilning yozida mazkur markazda buyrakni ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti viloyatlar o‘rtasida birinchi bo‘lib o‘zlashtirildi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan filiali, ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan o‘zlashtirilgan murakkab jarrohlik amaliyotlari ham dardiga darmon istab yurgan hamyurtlarimiz muammosiga yechim topgani bilan e’tiborga molik.
2019-yilda viloyat bo‘yicha 59 ta tibbiyot muassasasida 105 milliard so‘mlikdan ko‘proq hajmda qurilish-ta’mirlash ishlari bajarildi. Viloyat endokrinologiya dispanseri, Namangan shahridagi 15, Yangiko‘rg‘on tumanining Nanay qishlog‘idagi oilaviy poliklinika yangi binoga ko‘chib o‘tdi. Norin tumanining Uchtepa qishlog‘idagi qishloq shifokorlik punkti ham zamonaviy binoda xizmat ko‘rsatmoqda.
— “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijrosi aholi turarjoylarini ko’rkam qiyofaga kiritayotgani bilan e’tiborni tortadi. Namanganda boshqa viloyatlardan farqli ravishda “Obod markaz” dasturi ham ishlab chiqilgan. Uning mazmun-mohiyati nimada?
— Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chog’ida “Namangan o‘zgarishi kerak. Viloyat turmush darajasi ancha yuqori bo‘lishi lozim. Viloyat ahli, yoshlari bunga munosib!” degan fikrni o‘rtaga tashlagan edi. Bu butun Namangan ahlini viloyatimizning yangi qiyofasini belgilashga undadi. Shundan kelib chiqib, amalda qo‘llanilayotgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari qatoriga namuna sifatida ishlab chiqilgan “Obod markaz” dasturi ham qko‘shildi.
Joylarda yangi ijtimoiy obyektlar qurilishi va rekonstruksiyasini, rivojlangan infratuzilmalar barpo etish hamda keng ko‘lamli obodonlashtirish tadbirlarini qamrab olgan “Obod markaz” dasturi ijrosi natijasida tuman markazlari zamonaviy shaharlardan qolishmaydigan ko‘rinishga kiryapti. Bundan xalqimiz xursand. Aytish kerakki, dasturga asosan, 660 dan ziyod obyektlarda bir trillion 433 milliard so‘mlik ishlar bajarilishi ko‘zda tutilgan. Ayni yo‘nalishdagi loyihalar ijrosi bilan Kosonsoy, Mingbuloq, Namangan, Norin, To‘rako‘rg‘on, Uchqo‘rg‘on, Pop va Yangiqo‘rg‘on tumanlari markazlari yangilangan qiyofada aholiga taqdim qilindi. Uychi va Chust tumanlarida ham bu boradagi ishlar nihoyasiga yetkazildi.
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi ishlar ham izchil davom ettirildi. Quruvchilar katta hajmda qurilish-obodonlashtirish ishlarini ro‘yobga chiqardi. Shu jumladan, 8 662 ta yakka tartibdagi, 9 ta ko‘p qavatli turarjoy, 446,5 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi, 379.3 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmoqdari mukammal ta’mirlandi. Mahalla guzarlari ishga tushirildi. Yangilangan hududlardagi bunday o‘zgarishlardan odamlarning ko‘ngli ko‘tarilmoqda, hayotga muhabbati ortyapti.
— 2020-yil rejalarida ko‘proq qaysi yo‘nalishlarga e’tibor qaratiladi? Viloyat oldida turgan ustuvor vazifalar nimalardan iborat?
— Eng avvalo, barcha yutuqlar, ijobiy o‘zgarishlarga xalqimizning faol ishtiroki bilan erishayotganimizni ta’kidlab o‘tmoqchiman. Yangi yil rejalariga kelsak, ular o‘tgan yildagidan ancha salmoqli. Shundan kelib chiqib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni beshta muhim yo‘nalishga bo‘ldik.
Birinchi navbatda, sanoat ishlab chiqarishni jadallashtirishimiz talab etiladi. Hozirgi kunda ushbu sohada respublikadagi ulushimiz 3.3 foizni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkichni 5 foizga yetkazish tadbirlarini ishlab chiqdiq. Shu bois o‘z oldimizga jalb etiladigan xorijiy investitsiyalarni 500 million AQSh dollariga yetkazish vazifasini qo‘ydik.
Keyingi yo‘nalish qishloq xo‘jaligi sohasiga qaratilgan bo‘lib, paxtachilik, g‘allachilik va boshqa ekinlar parvarishiga dunyoning ilg‘or mamlakatlari tajribasi, masalan, Xitoyning tomchilatib sug‘orish usulini keng joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Viloyat iqtisodiyotida xizmat ko‘rsatish va turizmning o‘rni mustahkamlanib boryapti. Joriy yilda Namanganga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonini 200 ming nafarga yetkazish imkoniyatini yaratish uchun har bir tumanda bittadan, viloyat markazida esa 10 ta zamonaviy mehmonxona quriladi. “Afsonalar vodiysi” bog‘ini to‘la ishga tushirish, Yangiqo‘rg‘on tumanida Nanay turistik zonasini tashkil etish, Kosonsoy, Chust, Pop va Chortoq tumanlarida ham sayyohlik markazlari barpo etish rejalashtirilgan.
Bugungi kunda urilish industriyasining ishlari ancha tig‘izlashgan. Arzon uy-joylar barpo etishni yanada ko‘paytiramiz. Respublikada ikkinchi golf klubiga ega bo‘ladigan “Namangan Square” majmuasining qurilishi davom ettiriladi. “Namangan city” loyihasi, viloyat markazidagi “Yuksalish” shaharchasi yonida yo‘ldosh shaharcha barpo etish singari ishlar ham navbatdagi vazifalarimiz sirasiga kiradi.
Biz yilning beshinchi ustuvor vazifasi sifatida Namanganni qalkaro va respublika miqyosidagi tibbiyot markaziga aylantirish harakatiga kirishdik. Shu maqsadda Avstriyaning “AME international GmbH” kompaniyasi bilan 10 million AQSh dollari kiymatidagi kardiologiya markazi barpo etiladi. Germaniyaning “Textima Export GmbH” kompaniyasi esa 30 million AQSh dollari yo‘naltiriladigan ko‘p tarmoqli tibbiy markaz qurilishi va uni jihozlashda ishtirok etmoqda.
Zamon shiddat bilan o‘zgarib, vaqtning qadri ortib boryapti. 2020-yilgi rejalarimizning ko‘lami o‘tayotgan har bir kun, soat va daqiqalardan unumli foydalanishni taqozo etmoqda. Ayni talabni hisobga olib bugun dolzarb vazifalar ijrosiga jadal kirishganmiz. Asosiy maqsad — barcha sa’y-harakatimiz aholi turmush farovonligiga xizmat qilsin.
“Xalq so‘zi” gazetasi,
2020-yil 17-yanvar kuni