Milliy bogʻ maʼnaviy hayotimizning koʻzgusiga aylanadi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil 11-yanvar kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Prezidentimiz Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻiga tashrif buyurdi.
Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik faoliyatining dastlabki kunlaridan boshlab adabiyotga, maʼnaviyatga alohida eʼtibor qaratmoqda. Sohani rivojlantirish, maʼnaviy hayotimizda oʻchmas iz qoldirgan atoqli yozuvchi va shoirlarning tarixiy xotirasini abadiylashtirish, yosh avlodning madaniy-maʼrifiy saviyasini yuksaltirish yuzasidan qator tashabbuslari nafaqat adib va shoirlarni, balki butun xalqimizni ruhlantirdi.
Buni 2019-yil adogʻida oʻzbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatilib, poytaxtimizda uning nomida ijod maktabi va muzey, adibning muazzam haykali ochilganida ham koʻramiz. 2020-yil ham xalqimiz, milliy adabiyotimiz uchun shunday xayrli ishlar bilan boshlandi. Davlatimiz rahbari yangi yil boshida Milliy bogʻdagi Adiblar xiyobonida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Alisher Navoiy bobomiz nomi bilan ataluvchi Oʻzbekiston Milliy bogʻini adabiyot va maʼnaviyat bogʻiga aylantirish tashabbusi bundan uch yil ilgari Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan edi. 2017-yil fevral oyidagi tashrifi chogʻida davlatimiz rahbari mazkur bogʻni xalqimizning madaniy-maʼrifiy saviyasini yuksaltiradigan, yoshlarimizda Vatanga muhabbat, adabiyotimizga hurmat tuygʻusini kamol toptiradigan chinakam ijod va maʼnaviyat maskaniga aylantirish yuzasidan tavsiyalar bergan edi.
Oradan koʻp oʻtmay, oʻsha yil 18-aprelda Prezidentimizning “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida Adiblar xiyobonini barpo etish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qaror asosida bogʻ hududida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari boshlandi. Oʻsha yili dekabr oyida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining zamonaviy binosi foydalanishga topshirildi. Davlatimiz rahbari bogʻda barpo etilayotgan Adiblar xiyoboni loyihalari bilan tanishdi, ijodkorlar uchun barcha sharoit yaratilgan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining yangi binosini koʻzdan kechirdi, yozuvchi va shoirlar bilan uchrashib, muhim vazifalarni belgilab berdi.
Shu asosda Adiblar xiyobonidagi bunyodkorlik ishlari yangi bosqichga chiqdi. Bu xiyobon Alisher Navoiy haykali bilan uygʻun boʻlib, yaxlit meʼmoriy ansambl hosil qilishi uchun yangi loyiha ishlab chiqildi. Unga koʻra, 8 gektardan ziyod hudud obodonlashtirilib, Alisher Navoiy haykalini qayta oʻrnatish belgilangan.
Adiblar xiyobonida oʻzbek adabiyotining maʼnaviy-maʼrifiy shajarasi sifatida yetuk adiblarimiz haykallarini oʻrnatish koʻzda tutilgan. Bu yerda Prezidentimiz gʻoyasi asosida shu paytga qadar oʻrnatilgan haykallar qatoridan Bobur, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Behbudiy, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Abdulla Avloniy kabi mumtoz adabiyotimiz dargʻalari, shuningdek, Toʻlepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov, Aleksandr Faynberg singari zamonaviy adabiyotimiz vakillarining yodgorlik majmualari oʻrin oladi.
Shavkat Mirziyoyev bu yerda olib borilayotgan ishlar, haykallar koʻrinishiga oid loyihalar bilan tanishdi. Haykallar yonida lavhlar oʻrnatib hamda audioyozuvlar orqali har bir adib haqida qisqacha maʼlumot berish, ularning hayoti va ijodiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazish uchun qoʻshimcha sharoit yaratish zarurligini taʼkidladi. Alisher Navoiy haykali gumbazini bezatish, hududni obodonlashtirish yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Adiblar xiyoboni yonida Toshkent muzeyi tashkil etiladi. Muzey sobiq Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati koʻrgazmasi binosida faoliyat boshlaydi. Ayni paytda mazkur binoni rekonstruksiya qilish yakunlanmoqda.
Oʻzbekiston tarixi davlat muzeyi filiali boʻladigan mazkur muzey Shosh, Choch, Binkat, Binokat kabi nomlar bilan atalgan Toshkent shahrining qadimgi davrlardan to XVI asrgacha boʻlgan tarixini oʻzida qamrab oladi. Muzeyda Toshkent shahrining tarixiy davrlari noyob eksponatlar, qimmatli manbalar va koʻrgazmali ekspozitsiyalar asosida aks ettiriladi.
Jumladan, birinchi qavatda qadimiy Toshkentning elektron maketi joylashadi. Tomoshabin ushbu elektron maket orqali oʻtmishda Toshkent qanday boʻlgani, shaharning rivojlanish jarayonlari haqida tasavvur hosil qiladi. Ikkinchi qavatdan turli davrlarga xos ekspozitsiyalar oʻrin oladi.
Umuman ushbu muzey nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijiy sayyohlar uchun qiziqarli boʻlib, yangi turizm obyekti sifatida xalqimizning milliy oʻziga xosligini keng targʻib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari muzey konsepsiyasiga oid loyihalar bilan tanishib, uning mazmun-mohiyatini boyitish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.
– Toshkent tarixi, bu yerlik allomalar merosi hali toʻliq oʻrganilmagan. Bu joy ilmiy asoslangan, shaharning buyuk oʻtmishini yoshlarga, mehmonlarga yetkazadigan maskan boʻlishi kerak, – dedi Prezident.
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi negizida zamonaviy va yuqori texnologiyali madaniyat va istirohat bogʻi ham barpo etilmoqda.
Prezidentimiz istirohat bogʻi qurilishini ham koʻzdan kechirdi.
Mazkur bogʻ konsepsiyasida milliy meʼmorlik anʼanalari va zamonaviy shaharsozlik uygʻunligiga alohida eʼtibor qaratilgan. Loyiha Avstraliyaning “Sanderson Group” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Ushbu kompaniya dunyodagi eng zamonaviy ellikdan ortiq park loyihalarini tayyorlashda ishtirok etgan.
Davlatimiz rahbariga loyihani amalga oshirish jarayoni haqida maʼlumot berildi.
Bogʻ hududi 21 gektar boʻlib, bu yerda jahon arxitekturasi durdonalari namunalari, amfiteatr va musiqali favvora, attraksionlar, oilaviy hordiq uchun boshqa obyektlar, yirik savdo-koʻngilochar markaz, qasr-saroy koʻrinishidagi tantanali marosimlar joyi, bolalar kafesi va boshqa maskanlar barpo etilishi moʻljallangan.
Hudud musaffoligini taʼminlash maqsadida boqqa kashtan, qaragʻay, yapon soforasi, magnoliya, dub, qayin kabi havoni tozalovchi va kislorod bilan boyituvchi daraxtlar, butalar ekiladi. 70 va 100-yillik daraxtlar saqlanib qolinadi.
Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 4-sentabrdagi qarori asosida bunyodkorlik ishlari ikki bosqichda amalga oshirilmoqda.
Birinchi bosqichda 9 gektarda qurilish-obodonlashtirish ishlari bajariladi. Zamonaviy okeanarium, 650 oʻrinli amfiteatr, 57 metrli qasr, musiqali favvora, binolar, yopiq oilaviy koʻngilochar markaz, kinoteatr, 600 oʻrinli avtomobillar toʻxtash joyi quriladi.
Bogʻdagi eng noyob inshootlardan biri okeanariumdir. Bu yerda sigʻimi 1 million litrgacha boʻlgan 22 ta akvarium boʻladi. Okeanariumda yigirmadan ortiq turdagi noyob baliqlar, dengiz jonivorlari parvarishlanadi.
Yana bir ahamiyatli jihati, hududdagi binolarni qurishda Barselona, Parij, Moskva, London, Amsterdam, Rim, Venetsiya, Praga, Vena, Berlin kabi dunyoga mashhur shaharlardagi arxitektura namunalaridan foydalanildi. Hududda ushbu shaharlarning oʻziga xos taomlari, shirinliklari tayyorlanadi va shunga xos muhit yaratiladi.
Ikkinchi bosqichda 12 gektar huddudda attraksionlar, akvapark va saylgohlar quriladi. Dunyoga mashhur “Disneylend” parkining attraksionlari nusxalaridan foydalaniladi. Italiya, Germaniya va AQSHda ishlab chiqarilgan shunday eng zamonaviy attraksionlar keltirib oʻrnatiladi. Milliy bogʻ huddudidagi koʻl ham rekonstruksiya qilinmoqda.
Davlatimiz rahbari istirohat bogʻining yil davomida ishlashini taʼminlash, odamlar oilaviy dam olishi uchun keng imkoniyat yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Bogʻda Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlarimizdagi qadimiy obidalar maketini oʻrnatib, yoshlar va sayyohlarning tariximizga qiziqishini oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi mazmunli madaniy hordiq chiqarishni tashkil etish va odamlarning boʻsh vaqtlarini koʻngilli oʻtkazilishini taʼminlaydi, Toshkent shahrining turistik jozibadorligini oshiradi.
Shu yerda Toshkent shahri tumanlari hokimlari bilan muloqot boʻldi.
Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan eng muhim yoʻnalishlar muhokama qilindi.
Mutasaddilarning 8-yanvar kuni Davlat byudjeti parametrlarini ijro etish va hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidan olgan xulosalari, ularni taʼminlash boʻyicha rejalari eshitildi.
Tuman hokimlari investitsiyalar jalb etib, yangi loyihalarni ishga tushirish, tadbirkorlarga munosib sharoit yaratib, mahalliy byudjetni mustahkamlash va odamlarning daromadlarini koʻpaytirish yoʻlida doim izlanishi zarurligi qayd etildi.
Ijtimoiy soha, qurilish va kommunal tarmoqlarni rivojlantirish, aholi va sayyohlar uchun qulayliklarni oshirish boʻyicha ham istiqboldagi muhim vazifalar belgilandi.
Shu kuni Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga ham tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari siyosatining asosi boʻlgan xalq bilan muloqot tizimi aholi manfaatlarini taʼminlab, odamlarning hayotga, davlatga ishonchini mustahkamlamoqda.
Yaqinda Toshkent shahri, Bunyodkor shoh koʻchasi 2-uyda yangi Xalq qabulxonasi binosi foydalanishga topshirildi. Bu yerda fuqarolarni qabul qilish uchun xonalar, Davlat xizmatlari markazi shoxobchasi, aholiga bepul yuridik yordam koʻrsatuvchi “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti byurosi, psixolog, tibbiy xizmat koʻrsatish, ona va bola xonalari, bufet, fuqarolar kutish zali mavjud. Bu yerda kuniga 200 nafargacha murojaatchini qabul qilish mumkin.
Qabulxonada aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish, murojaatlarni koʻrib chiqish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Fuqarolarga qulay boʻlishi uchun sohaviy boʻlimlar tashkil etilgan.
Oʻtgan davrda Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali 3 million 650 mingdan ziyod kishi murojaat qilgani jamiyatimizda adolat tamoyillarini mustahkam qaror toptirishda Xalq qabulxonalarining ahamiyati naqadar yuqori boʻlayotganini koʻrsatadi. Mazkur murojaatlarning 2 millionga yaqini hal etilgan, 1,5 million murojaatchiga huquqiy tushuntirish berilgan. Bundan tashqari, joylardagi Xalq qabulxonalari tomonidan sayyor qabullarda 1 million 700 ming fuqaro bilan muloqotlar tashkil etilgan. Xalq qabulxonlari va sektorlar masʼullari uyma-uy yurishi natijasida 988 ming muammoli holatga yechim topilgan.
Davlatimiz rahbari Xalq qabulxonasida yaratilgan sharoitlarga yuqori baho berdi.
– Bu yerga kelgan odam barcha savollariga javob topishi, Toshkent bu borada namuna boʻlishi kerak, – dedi Prezidentimiz.
OʻzA