1-yanvardan boshlab MDHga raislik O’zbekistonga o’tadi
2020-yil 1-yanvardan boshlab MDHning Ashxabod sammiti qaroriga binoan Hamdo‘stlikka raislik O‘zbekistonga o‘tadi.
MDH doirasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari va O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari Shavkat Mirziyoyevning 11-oktabr kuni Ashxabod shahrida bo‘lib o‘tgan Hamdo‘stlik Davlat rahbarlari kengashining majlisidagi nutqida bayon etilgan.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida ko‘p tomonlama hamkorlikni, avvalambor, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, turli sohalardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish, transport-logistika va tranzit salohiyatini ochish, xavfsizlikni mustahkamlash, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish sohalarida kengayish zarurligini ta’kidladi.
O‘zbekistonning MDHga raisligi bugun e’lon qilingan Hamdo‘stlikni yanada rivojlantirish kontsepsiyasiga, shuningdek, tashkilot doirasida qabul qilingan hamkorlikning turli sohalaridagi reja va dasturlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Mamlakatimiz bir vaqtning o‘zida Davlat rahbarlari kengashiga, Hukumat rahbarlari kengashiga, Tashqi ishlar vazirlari kengashiga, Iqtisodiy kengashga, a’zo davlatlarning Ustav va boshqa hamdo‘stlikdagi doimiy vakolatli vakillariga, iqtisodiy kengash huzuridagi iqtisodiy ishlar bo‘yicha komissiyaga raislik qiladi.
Raislik doirasida turli darajadagi va formatdagi 70 ga yaqin tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan, shu jumladan Toshkentda Davlat rahbarlari kengashi, hukumat rahbarlari kengashi, tashqi ishlar vazirlari kengashi, iqtisodiy kengash, parlamentlararo assambleya, iqtisodiy forum va mintaqalar forumi.
Raislik davomida O‘zbekiston ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada riuvojlantirishga yo‘naltiriladigan 10 dan ortiq konseptual hujjatni tayyorlash va qabul qilishni rejalashtirmoqda.
Jamoatchiliknini O‘zbekiston raisligining ustuvor yo‘nalishlari va uning doirasida o‘tkazilgan tadbirlar to‘g‘risida xabardor qilish maqsadida Tashqi ishlar vazirligining rasmiy sahifasida “2020-yili O‘zbekistonning MDHdagi raisligi” maxsus bo‘limi tashkil etildi.