O‘zbekistonda Qozog‘iston yili: Buyuk do‘stlik ruhi bardavom
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining rasmiy yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi...
Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida boshlangan madaniy-ma’rifiy, gumanitar, siyosiy, ilmiy aloqalar O‘zbekistonda Qozog‘iston yili munosabati bilan o‘tgan tadbirlarga ulanib ketdi. Bu tadbirlar ikki xalq, bir tanu bir jon bo‘lib ketgan ellarimizni yanada yaqinlashtirdi. Hamkorlik tadbirlari xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy do‘stlikni mustahkamlash va ulug‘lashdek mushtarak maqsadlarga xizmat qildi.
O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining o‘tkazilishi strategik sheriklik munosabatlari, ishonch va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash kuchayib borayotganidan darak. Bu xalqlarimiz o‘rtasidagi abadiy va samimiy do‘stlik, madaniy va ma’naviy yaqinlikning namoyon bo‘lishidir.
O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida turizm, madaniy-gumanitar, iqtisod sohalarida ko‘plab tadbirlar, ma’rifiy uchrashuvlar, turli festival va ijodiy kechalar o‘tkazildi. Ikki mamlakat san’at namoyondalarining o‘zaro tashriflari amalga oshirildi.
Termiz shahrida o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida qozog‘istonlik Uljan Baybusinova ishtirok etib, Gran-pri mukofotini qo‘lga kiritdi, O‘zbekiston davlat san’at muzeyida Qozog‘iston muzeylarining “Buyuk dasht: tarix va madaniyat” nomli ko‘rgazmasi, ikki tomondan 220 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etgan VI O‘zbekiston – Qozog‘iston biznes-forumi o‘tkazildi.
“Qozog‘iston – O‘zbekiston: hamkorlikning yangi qirralari” nomli kitob ko‘rgazmasi, Qozog‘iston ta’lim kunlari, Qozog‘istonning “Saltanat” davlat raqs teatrining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik Katta teatrida konserti va “Astana opera” teatri jamoasi tomonidan qo‘yilgan spektakl, “O‘zbekkino” MA va “Qozoqfilm” AJ bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Qozog‘iston kinosi kunlari o‘tkazilgani ko‘pchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Yil davomida qozoq teatrlarining O‘zbekistonga ijodiy safarlari uyushtirildi. O‘zbek milliy akademik drama teatrida “Abay” spektakli sahnalashtirilib, Qo‘stonoy viloyati I.Omarov nomidagi qozoq teatrining “Xan Kene” va “Ayman-Sholpan” spektakllari namoyish etildi.
Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan Xalqaro folklor musiqa festivalida Qozog‘istondan “Astar” jamoasi ishtirok etib, “Ajdodlarning unutilayotgan urf-odatlarini tarannum etgani uchun” nominatsiyasi bilan taqdirlangani ham esda qolarli, muhim tadbirlardan biri bo‘ldi.
Bugungi kunda mamlakatlarimiz oliy ta’lim tizimida hamkorlik mustahkam asoslarga ega. Mamlakatimizdagi maktablarda qozoq tili o‘qitiladi, oliy ta’lim muassasalarida qozoq tili, matematika, fizika va boshqa fanlar bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlanadi. Bir qator loyihalar asosida hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda.
Amalga oshirilayotgan ishlar, amaliy sa’y-harakatlar adabiyoti va madaniyati bir daryodan suv ichgan, azaldan qavmu qarindosh bo‘lgan xalqlarimiz hayotida ezgulikka yo‘g‘rilganini ko‘rsatadi. Mamlakatimizda Qozog‘iston adabiyoti va madaniyati markazining ochilishi esa mustahkam hamkorlik ifodasidir.
O‘zbekistonda Qozog‘iston yiliga katta tayyorgarlik ko‘rildi. Ikki mamlakatning turli soha vakillariga o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish, bilim va tajriba almashish uchun yangi yo‘l ochildi.
Qozog‘iston yili doirasida amalga oshirilgan har bir loyiha, har bir yangi qadam ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda beqiyos ahamiyatga ega bo‘ldi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov va Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aqto‘ti Raimqulova so‘zga chiqdi.
Aziz Abduhakimov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida samarali chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etdi. Savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi hamkorlikning huquqiy asoslarini mustahkamlash yo‘lida ham muhim qadamlar qo‘yilgani ta’kidlandi.
– Bizning madaniyatimiz bir, – dedi Qozog‘iston Respublikasi madaniyat va sport vaziri Aqto‘ti Raimqulova. – Biz o‘zbek xalqini og‘a-ini, do‘stu yor, birodar deb bilamiz. O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining keng nishonlanishi ikki el o‘rtasidagi madaniyat, ijtimoiy-gumanitar hamkorlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqdi. Ko‘plab madaniy tadbirlar, ikki mamlakat san’at ustalari va teatr jamoalarining ijodiy safarlari tashkil etildi. Har tomonlama hamkorlik mustahkamlandi va do‘stligimiz bundan keyin ham davom etadi.
Tadbir katta konsert dasturi bilan yakunlandi.
O‘zA