Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama iqtisodiy hamkorlik mexanizmlari takomillashmoqda
Toshkentda 14 noyabr kuni Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturining vazirlar darajasidagi 18-konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda dasturga a’zo 11 davlatning moliya, tashqi ishlar, iqtisodiyot, investitsiya va savdo sohalari vazirlari, xalqaro moliya institutlari, hamkor davlatlar delegatsiyalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning konferensiya ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Prezident maslahatchisi R.G’ulomov o‘qib eshittirdi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari E.G’aniyev, konferensiya raisi, O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Takexiko Nakao so‘zga chiqdi.
Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi transport infratuzilmasi, bojxona hamkorligi, savdo siyosati hamda energetika sohasida mintaqaviy va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan. Dastur doirasida o‘tgan davrda ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro muloqotni faollashtirish bo‘yicha qator tashabbuslar amalga oshirildi. Xususan, 2001 yildan buyon jami 37 milliard dollarga teng 200 ta loyiha moliyalashtirildi.
Joriy yilda dasturga O‘zbekiston raislik qilmoqda. Mamlakatimiz raisligi davrida tuzilma faoliyati doirasidagi tadbirlar yuqori saviyada tashkil etildi. Energetika, transport, savdo va bojxona sohalarida ilg‘or tajribani qo‘llash, Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magini jalb qilish, iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash yuzasidan qator sa’y-harakatlar olib borildi.
Mintaqada iqtisodiy-ijtimoiy hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qilayotgan dasturning uzoq muddatli yangi strategiyasi bundan ikki yil oldin qabul qilingan. Konferensiya davomida dastur kotibiyatining bosh amaliyot klasteri, strategiya maqsadlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha axboroti tinglandi.
Anjumanning sho‘‘ba majlislarida transport va energetika strategiyalari, uni 2030 yilgacha amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik iqtisodiy voqealar, jarayonning dasturga a’zo mamlakatlarga ta’siri ko‘rib chiqildi.
Joriy yil transport va energetika tarmoqlarini rivojlantirish dasturlarini 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyaning umumiy yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirish va ishtirokchi davlatlar ehtiyojining ortib borishiga tezkor javob qaytarish mexanizmlarini yaratish borasidagi sa’y-harakatlar sezilarli faollashdi.
Tadbirda bu yo‘nalishdagi ishlar natijasi sifatida ishlab chiqilgan dasturning 2030 yilgacha mo‘ljallangan transport va energetika strategiyalari konferensiya ishtirokchilari tomonidan ma’qullandi.
– Anjuman doirasida transport va energetika sohalariga oid yangi strategiyalar tasdiqlangani Toshkent konferensiyasining muhim voqeasi bo‘ldi, – dedi OTB vitse-prezidenti, konferensiya hamraisi Shisin Chen. – Bu strategiyalar ishonchli, ekologik toza va barqaror elektr ta’minotini vujudga keltirishda muhim ahamiyatga ega.
Davlat organlari va xususiy sektor o‘rtasida kechgan muloqot davomida davlat-xususiy sherikligi mexanizmi orqali dasturga a’zo davlatlar hududida turizmni barqaror rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Sohaga investitsiyalarni yanada keng jalb etish uchun qulay sharoit yaratish va xususiy sektorning ushbu yo‘nalishdagi ishtirokini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar konferensiya yuqori saviyada tashkil etilgani va katta muvaffaqiyat bilan o‘tganini ta’kidlab, ushbu dastur a’zo davlatlar o‘rtasida ko‘p tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
O‘zA