O‘zbekistonda bojxona toʻlovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi
“Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni olib oʻtish tartibini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” Prezident qarori (PQ–4508-son, 07.11.2019-y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2020-yil 1-yanvardan:
- notijorat maqsadlar uchun Oʻzbekistonning Davlat chegarasidan oʻtish punktlari orqali qoʻl yukida va kuzatib borilayotgan bagajida tovarlar olib kirayotgan jismoniy shaxslar uchun, shuningdek, jismoniy shaxs nomiga xalqaro pochta va kuryerlik joʻnatmalari orqali keladigan tovarlarga nisbatan qonun hujjatlarida belgilangan bojxona boji, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻi oʻrniga yagona bojxona toʻlovini toʻlashni nazarda tutuvchi bojxona toʻlovlarini undirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etiladi;
- jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun bojxona chegarasi orqali qoʻl yukida, kuzatib borilayotgan bagajida, shuningdek, pochta joʻnatmalari orqali olib kiriladigan hayvonotga mansub oziq-ovqat mahsulotlarida ishlab chiqarish oʻrovining majburiy mavjudligi toʻgʻrisidagi talab oʻrnatiladi.
Shuningdek, yagona bojxona toʻlovi bojxona toʻlovlari undirilmaydigan tovarlarni jismoniy shaxslar tomonidan respublikaga olib kirishning cheklangan meʼyorlaridan ortgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodidan va kelib chiqish mamlakatidan qatʼi nazar tovarlarning barcha toifalari boʻyicha bojxona qiymatidan kelib chiqqan holda, cheklangan meʼyorlardan ortiq qismiga nisbatan undiriladi.
Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:
- tovarning bojxona qiymatidan 30 foiz, lekin har bir kilogrami uchun 3 AQSH dollaridan kam boʻlmagan miqdorda yagona bojxona toʻlovi stavkasi;
- Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kirmaydigan tovarlar roʻyxati.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali