O‘zgarishlar samarasi odamlar kayfiyatida aks etmoqda.
Prezidentimizning Andijon viloyatiga amalga oshirgan tashriflari hududda olib borilayotgan ishlarga jadallik bag‘ishladi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Buni birgina 2018-yilda viloyatda erishilgan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar ham tasdiqlab turibdi. Jumladan, yalpi hududiy mahsulot hajmi 112,1, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 155,8, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 164,8, kapital йo‘yilmalar hajmi 119,1 foizni tashkil etdi. Ayni paytga kelib viloyatda tayyorlanayotgan mahsulotlar 15 ta davlatga eksport qilinmoйda. Ayniqsa, Xitoy, Janubiy Koreya, AQSh, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston, Hindiston va Isroilda hudud mahsulotlariga bo‘lgan talab tobora ortib bormoйda.
Erishilayotgan iqtisodiy yutuqlar tufayli Andijon ahlining ijtimoiy ahvoli yanada yaxshilanmoqda. Jumladan, suv ta’minoti va yo‘l qurilishi borasidagi ishlar ko‘lami qariyb 10 barobarga ortdi. Bularning barchasi yurtimizdagi islohotlarning hayotbaxsh samaralariga misol bo‘la oladi.
Yigirma yildan so‘ng...
Prezidentimiz Andijon shahridagi Mustaqillik ko‘chasida yashovchi aholining turmush sharoiti bilan tanishar ekan, bu yerda inson yashashi mumkin bo‘lgan birorta sababni topa olmadi. Aholi turmush tarzini yaxshilash, ularga sharoit yaratish borasida bergan ko‘rsatmalariga asosan, Xo‘jaobod tumanining Andijon shahri bilan tutash qismida 54 gektar yer maydoni ajratilib, tez sur’atlarda boshlab yuborilgan qurilish ishlari uchun 200 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi. Qarabsizki, eski mahalla buzilib, aholi “Mustaqillikning 27 yilligi” nomi bilan qad rostlagan yangi turar-joy manziliga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda zamonaviy sharoitlarga ega bo‘lgan 2 sotixli namunali uylar barpo etilib, shaharning eng ko‘rkam рududiga aylantirildi. Hozirgi kunda shaharchada 1000 ta uydan tashqari 2 ta maktab, 2 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 1 oilaviy poliklinika, 1 madaniyat markazi, 500 o‘rinli tikuvchilik korxonasi, MFY idorasi va Xotira maydoni bunyod etildi. Bundan tashqari, savdo shoxobchalari, xizmat ko‘rsatish obyektlari faoliyat yurityapti. So‘nggi 20 yil mobaynida viloyatda davlat tomonidan birorta ham uy barpo etilmaganligini hisobga olsak, bu misli ko‘rilmagan bunyodkorlik namunasi bo‘ldi, deyish mumkin.
So‘lim va maftunkor shahar
Mamlakatimizning eng chekka hududi — Xonobod shahri ma’lum vaqt “yopiq manzil” edi. Bir paytlar “O‘zbekiston Shveysariyasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan mazkur shaharning fayzi yo‘qolgandek edi go‘yo. 2017-yil 2-iyun kuni Xonobodda bo‘lgan Prezidentimiz ushbu maskanning avvalgi mavqeini tiklash bilan bir qatorda, uni sayyohlik markaziga aylantirish, hudud iqtisodiyotini yuksaltirish, aholi turmush tarzini yaxshilash bo‘yicha qator ko‘rsatmalar bergandi. Shundan keyin go‘yo mudrab yotgan shaharga qayta “jon” kirdi.
Dastlab uzoq yillar davomida
Qurilishi to‘xtab qolgan “Xonobod” sihatgohida bunyodkorlik ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi. Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan bu maskanda 97 mlrd. so‘mlik mablag‘ evaziga keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Sihatgohdagi zamonaviy sport maydonlari, suv havzalari, Wi-Fi, bolalar maydonchalari dam oluvchilar xizmatida. Maskan bir paytning o‘zida 200 nafar kishini qabul qilish imkoniga ega. Muassasaning ishga tushirilishi natijasida 130 nafar xonobodlikning bandligi ta’minlandi.
Xonobod shahrini sayyohlik markaziga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlar ham tobora jadallashmoqda. Xususan, Xontog‘ adirliklarida 1000 ta dala-hovli qurish ishlari boshlab yuborildi. Hududga olib boruvchi yo‘llarni asfaltlash, elektr energiyasi va ichimlik suvi quvurini tortish yumushlari bajarilyapti. Shu bilan birga, eng zamonaviy sharoitlarga ega dala-hovlilar qurilishi davom etmoqda. Kelgusida bu yerda yozgi va qishki sport maydonlari, suzish havzalari, milliy choyxonalar va zamonaviy restoranlar foydalanishga topshiriladi. Qisqacha aytganda, ko‘ngilli hordiq chiqarish uchun neki zarur bo‘lsa, bularning barchasi muhayyo etiladi.
2017-2019-yillarda hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan dasturga binoan, birgina Xonobod shahrida 3 200 dan ziyod loyihalar ro‘yobi uchun 500 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Buning natijasida ko‘plab korxonalar tashkil etilib, odamlar ish bilan ta’minlandi. Jumladan, Anhor mahallasi hududidagi sobiq 4-avtokorxona binolari va yer maydoni tadbirkorlarga “nol” xarid qiymatida berildi. Shuningdek, tashkiliy va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlandi. Natijada 13 ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularda jami 685 kishi mehnat qilmoqda.
“Xon tex city” mas’uliyati cheklangan jamiyati ana shunday korxonalardan biri. Bu yerda 300 dan ortiq modeldagi kiyim-kechaklar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Korxonaning 300 dan ziyod ishchilari tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotning 500 ming dollarlik qismi eksport qilinishi rejalashtirilgan.
Izchil va ishonchli qadam
Davlatimiz rahbarining Andijon viloyatiga qilgan har bir tashrifi o‘ziga xos burilish davrini boshlab bermoqda. Buning natijasida dastlab Andijon viloyati aholisini ish bilan ta’minlash, ijtimoiy muhofaza qilish maqsadida “Har bir oila — tadbirkor” dasturi ishlab chiqilgan bo‘lsa, shu yilning 14 yanvar kuni “Andijonfarm” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish yuzasidan Prezident Farmoni e’lon qilindi. 19-20 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan “Open Andijan” I-xalqaro investitsiya forumi bu boradagi qadamlarning eng muhimlaridan biri bo‘ldi. Xalqaro forum doirasida qatnashchilar mashinasozlik tarmog‘idagi mahalliylashtirishga qaratilgan 17 ta investitsiya loyihasi, qishloq xo‘jaligida 5 ta, farmatsevtika sohasida 4 ta, yengil sanoat yo‘nalishida 6 ta loyiha hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qator loyihalar bilan tanishdilar.
Hindistonning “Cadila Pharmaceuticals Limited” kompaniyasi bilan 2019-2022-yillarda 50 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya kiritish hisobiga farmatsevtika jihozlari, dori-darmonlar ishlab chiqarish loyihasini bosqichma-bosqich amalga oshirish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Shu kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov va Hindistonning Gujarat shtati bosh vaziri Vijay Rupani ishtirokida “Cadilla Pharmaceuticals Limited” kompaniyasining dori ishlab chiqarish zavodiga tamal toshi qo‘yildi.
Umuman aytganda, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar Andijon viloyatida ham yangi davrni boshlab berdi. Taraqqiyot manzili sari dadil odimlayotgan hudud aholisining kelgusidagi rejalari bundan-da yuksak. Aniq maqsad yo‘lidagi izchil sa’y-harakatlar andijonliklarni ana shu ezgu orzular ro‘yobi sari tobora yaqinlashtirmoqda.
“Xalq so‘zi” gazetasi