O‘zbekiston: Siyosiy partiyalarga saylovlarda qatnashishiga ijozat berildi
2019 yil 15-oktabr kuni soat 11.00 da Xalqaro matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi videoselektor tarzida bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari, OAV xodimlari ishtirok etgan yig‘ilish kun tartibiga “Siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish to‘g‘risida”, “Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha harajatlar smetasi to‘g‘risida”, “Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining faoliyati tartibi to‘g‘risidagi nizomga qo‘shimcha kiritish haqida”, “Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati N.Radjapovning vakolatini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida”gi to‘rtta masala kiritilgan.
Avval xabar berilganidek, 2019 yil 10 oktyabrdan boshlab mamlakat siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya vakolatli vakillari tomonidan Markaziy saylov komissiyasiga Saylovchilar tomonidan siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini qo‘llab quvvatlovchi imzolari qo‘yilgan imzo varaqalari taqdim etildi.
11-14 oktyabr kunlari imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuzilgan tarkibiga MSKning doimiy asosda ishlovchi a’zolari ichki ishlar va adliya organlarining xatshunos ekspertlari, mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etilgan Ekspert guruhi teshkshirib chiqib, ijobiy xulosa berdi. Ushbu jarayonda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ham qatnashdilar.
Bugungi yig‘ilishda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Ekspert guruhining ijobiy xulosalariga muvofiq “Siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish to‘g‘risida” qaror qabul qilindi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala ham qizg‘in muhokamalar asosida o‘tdi, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir xarajatlar smetasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratiladigan davlat mablag‘larining bir nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan miqdori quyidagicha belgilangan:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod uchun – 10 832 000 (o‘n million sakkiz yuz o‘ttiz ikki ming) so‘m;
Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod uchun – 2 000 000 (ikki million) so‘m;
Xalq deputatlari tuman va shahar kengashi deputatligiga nomzod uchun – 1 000 000 (bir million) so‘m.
Oldingi saylovlarda Xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar uchun mablag‘ ajratilmagan. Bu yilgi Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar – shiori ostida yuqori saviyada tashkil etilgan saylovlarda Xalq deputatlari mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar uchun ham byudjet mablag‘larining ajratilishi, nafaqat Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga, balki, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatligiga ham saylovlar jarayoni, nomzodlar o‘rtasidagi debatlar, siyosiy partiyalararo sog‘lom raqobat va har bir deputatlik o‘rni uchun kurash qizg‘in kechishidan dalolatdir.
Kun tartibidan o‘rin olgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish so‘ngida soat 12.00 dan -12.30 ga qadar to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda MSK raisining kun tartibidagi masalalar yuzasidan brifingi bo‘lib o‘tdi va brifing so‘ngida beshta siyosiy partiya vakolatli vakillariga (partiya raisi o‘rinbosarlariga) Markaziy saylov komissiyasining “Siyosiy partiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida qatnashishiga ijozat berish to‘g‘risida”gi qarori tantanali ravishda topshiriladi. Shundan so‘ng beshta siyosiy partiya vakolatli vakillari bilan OAV vakillari o‘rtasida savol-javob tariqasida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati