Jahon chempionatida sambochilarimiz 27 medalga sazovor bo‘ldi
Poytaxtimizdagi "Saxovat servis sport" sport majmuasida sambo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jahon chempionati yakunlandi.
O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz sambo assotsiatsiyasi va bir qator tashkilotlar tomonidan tashkillashtirilgan mazkur chempionatda dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 500 ga yaqin sambochi 40 vazn toifasida g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Jahon chempionatida sportchilarimiz 4 oltin, 8 kumush va 15 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Umumjamoa hisobida o‘smir yigitlar va qizlar terma jamoamiz rossiyalik sambochilardan keyin ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 20 yoshgacha bo‘lgan qizlar terma jamoamiz kuchli uchlikdan joy oldi.
Yoshlar o‘rtasida o‘tgan chempionatning vazni 40 kilogrammgacha bo‘lgan sambochilar bahsida hamyurtimiz Munisa Eshqulova barcha raqiblarini yengib, oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ushbu yosh toifasida qatnashgan Baqojon Ashurov 75 kilogrammgacha vaznda terma jamoamizga navbatdagi oltin medalni keltirdi. Shuningdek, Umida Jumaniyozova hamda Suhrob Rajabov o‘z yosh va vazn toifalarida jahon chempioniga aylandi.
– Jahon chempionati yuqori saviyada tashkillashtirilganiga guvoh bo‘ldim, – deydi Butunjahon sambo federatsiyasi prezidenti Vsiliy Shestyakov. – O‘zbekiston bundan ham katta musobaqalar o‘tkazishga tayyor. Mazkur sport turining yurtingizdagi kelajagi porloq.
O’zA