Svetlana Radzivil Tokio Olimpiadasiga yo‘llanma oldi
Toshkent shahrida yengil atletika bo‘yicha O‘zbekiston ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo mamlakatlaridan tashrif buyurgan atletlar ham bahs olib borgan turnirning bugun o‘tkazilgan bir qator bahslari O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Ayollar o‘rtasida balandlikka sakrash sektorida ishtirok etgan o‘zbekistonlik Svetlana Radzivil 1.96 metr balandlikni zabt etib, oltin medal qatori Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi. Ushbu yo‘nalishda Tokio Olimpiadasining normativi aynan 1.96 metrni tashkil etardi. Ushbu yo‘nalishda Nadiya Dusanova 1.85 metr bilan shohsupaning ikkinchi pog‘onasiga ko‘tarildi.
Yetti kurash bahslarida qatnashgan Yekaterina Voronina 6238 ochko jamg‘arib, musobaqaning oltin medaliga ega chiqdi.
Shu tariqa, Svetlana Radzivil faoliyatida to‘rtinchi bor Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritmoqda. Radzivil bungacha Pekin (2008), London (2012) va Rio (2016) Olimpiadalarida ham ishtirok etgan edi.
Ma'lumot uchun, bu O‘zbekiston terma jamoasining Tokio Olimpiadasi uchun qo‘lga kiritgan o‘n birinchi yo‘llanmasidir.
Kun.uz