“MEHR-2”: Iroqdan 64 bola yurtimizga olib kelindi
2019-yil 10-oktabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga binoan oʻzbekistonlik 64 nafar begunoh bola maxsus aviareysda Toshkent shahriga olib kelindi.
Iroq davlati hukumati va YUNISEF Xalqaro bolalar tashkiloti bilan hamkorlikda ona Vataniga qaytarilgan bu bolalar Iroq davlati hududida ogʻir sharoitda yashayotgan edi.
“Mehr-2” insonparvarlik amaliyoti doirasida yurtimizga olib kelingan 39 oʻgʻil va 25 qiz bolaning orasida 14 nafar 3 yoshgacha boʻlgan hamda 2 nafar ota-onasidan ayrilgan jajji bola bor.
Gumanitar amaliyot ishchi guruhi tomonidan ayni paytda turli xalqaro terroristik tashkilotlarga aʼzo boʻlib, oʻzga davlatlar fuqarolari tinchligi va osoyishtaligiga tahdid solgani uchun Iroq davlatida 10-20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan yoki umrbod qamoq jazosini oʻtayotgan oʻzbekistonlik ayollar bilan tegishli suhbatlar oʻtkazildi va farzandlarini Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha ularning roziligi olindi.
Taʼkidlash joizki, ushbu ayollardan ayrimlarining turmush oʻrtogʻi ayni paytda xalqaro terroristik tashkilotlar safida qolayotgan boʻlsa, bir qismi jangovar harakatlar davomida ayanchli oʻlim topgan, qolganlari esa Iroq va Suriya qamoqxonalarida jazo oʻtamoqda.
Afsuski, toʻgʻri yoʻldan adashib, boshqa davlatlar orqali “urush oʻchoqlari”ga borib, xalqaro terroristik tashkilotlar safiga qoʻshilgan ota-onalar farzandlari ruhiy va jismoniy qiyinchiliklarga duch kelgan.
Endilikda bu bolalar barcha qulayliklarga ega sogʻlomlashtirish muassasasiga joylashtiriladi. Mutaxassislar ularga har tomonlama tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam koʻrsatadi. Bolalar uchun issiq ovqat tashkil etilib, yangi kiyim-kechak bilan taʼminlanadi.
Ularning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish, homiylar va vasiylarga biriktirish, bogʻcha, maktabga joylashtirish masalalari ham hal etiladi.
Davlatimiz rahbarining bagʻrikenglik siyosati asosida amalga oshirilayotgan “Mehr” insonparvarlik amaliyoti davom etadi va hech bir Oʻzbekiston fuqarosi himoyasiz qolmaydi.
O'zA