O‘zbekiston: Saylovlar demokratik tamoyillar asosida, yangicha ruhda o‘tadi
O‘zbekiston katta siyosiy jarayon — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi arafasida turibdi. Saylovlar mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Markaziy saylov komissiyasi o‘zining o‘tgan haftada bo‘lib o‘tgan majlisida 2019 yil 22 dekabrni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi kuni, deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 20 sentyabrdan boshlanishi e’lon qilindi.
22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylovlar avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Eng avvalo, bu yilgi saylovlarda konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi ta’minlanadi.
Saylovlarning yangicha o‘tishi, birinchidan, fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati yuksalib borayotganligi, ikkinchidan, siyosiy partiyalarning saylovoldi platformalari rang-baranglik kasb etib, jamiyat va davlat hayotidagi muhim muammolarni yechishga qaratilayotgani, uchinchidan, ommaviy axborot vositalarining tom ma’nodagi “to‘rtinchi hokimiyat” sifatidagi o‘z o‘rnini egallayotgani, eng muhimi, mamlakatimizda barcha soha rivojida ochiqlik, oshkoralik tamoyillariga katta e’tibor qaratilayotgani bilan bevosita bog‘liqdir.
O‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan O‘zbekistonda yangi parlamentga va yangi mahalliy Kengashlarga deputatlarni saylash uchun yangicha ruhdagi saylovlar kampaniyasi boshlandi. Joriy yildagi saylovlar mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan ilg‘or demokratik g‘oyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ladi. Ayni paytda ushbu saylovlar O‘zbekistonda barcha sohada, jumladan, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, jadal islohotlarning uzviy qismidir.
Davlatimiz yuritayotgan bunday izchil va dadil siyosat o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Dunyo hamjamiyati O‘zbekistonning tobora yuksalib borayotgan nufuzini keng e’tirof etmoqda va yurtimiz bilan har tomonlama hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda. Jamiyatimiz hayotidan ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik, bag‘rikenglik tamoyillari tobora mustahkam o‘rin olyapti.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2019 yil 25 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksini amaliyotga joriy etishga oid Qonunning imzolanishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi ulkan voqea bo‘ldi.
Bu yil mamlakatimiz parlamenti va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar ilk bor O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi asosida o‘tadi va saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ko‘rsatish huquqiga ega. Bular — “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasidir.
Saylovlarga tayyorgarlik jamiyatni demokratlashtirish jarayonlari tobora kengayib, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksalayotgan, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshib borayotgan, shuningdek, mamlakatimizning saylov tizimini modernizatsiya qilish ishlari jadallashgan sharoitda amalga oshirilmoqda. Bunda xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT, ShHT, MDH, ayniqsa, YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi bilan hamkorlik o‘z samaralarini berayotir.
O‘zbekistondagi bu yilgi saylovlar umume’tirof etilgan xalqaro saylov prinsiplari — universallik, tenglik, erkinlik, adolatlilik, yashirinlik, ochiqlik va hisobdorlik asosida o‘tkaziladi. Bu — har bir ovoz e’tiborga olinadi va har bir fuqaro davlat hokimiyati vakillik organlarini shakllantirishda bevosita ishtirok etadi, bir saylovchi — bir ovoz, demakdir. Bu — O‘zbekistonda saylovlarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng ta’minlanadi, demakdir. Bu — uchastka saylov komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha — barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini eng yuksak demokratik prinsiplar asosida amalga oshiradi, demakdir.
Buning uchun O‘zbekistonda barcha huquqiy asoslar va imkoniyatlar yaratilgan: umume’tirof etilgan asosiy xalqaro saylov standartlari va normalari implementatsiya qilingan milliy saylov qonunchiligi ham, saylovlarni o‘tkazish borasida ko‘p yillik milliy tajriba ham, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ham, malakali kadrlar ham bor. Eng muhimi, O‘zbekiston rahbariyatining milliy an’analar va zamonaviy demokratiya g‘oyalariga ulkan sadoqati, kuchli siyosiy irodasi mavjud. Jamiyatda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy, demokratik muhit va tamoyillar mustahkam qaror topgan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalari saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish jarayonida o‘z ishini ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga binoan tashkil etadi. Buning yaqqol dalili — saylov kampaniyasi boshlangan kuni Markaziy saylov komissiyasining zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan Xalqaro matbuot markazining ishga tushirilganidir. Markazning ochilishida turli darajadagi saylov komissiyalari a’zolari, siyosiy partiyalarning rahbarlari, mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi. Ta’kidlash zarurki, Xalqaro matbuot markazining hududiy bo‘linmalari ham ishga kirishdi. Ular ham zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan jihozlangan. Ularda ham saylovlar sohasida katta tajribaga ega jurnalistlar, olimlar va ekspert-mutaxassislar faoliyat yuritadi. Ommaviy axborot vositalari vakillari, kuzatuvchilar, jumladan, xalqaro kuzatuvchilar, oddiy saylovchilar — istagan kishi Xalqaro matbuot markazidagi tunu kun ishlaydigan koll-sentrdan, nafaqat saylov jarayonlari, balki mamlakatimizning bugungi taraqqiyoti, tarixi va istiqboli bilan bog‘liq o‘z savollariga javob olishi mumkin.
Shu o‘rinda mamlakatimizda bo‘lajak saylovlarga tayyorgarlik ishlari qanday yo‘lga qo‘yilganiga qisqacha to‘xtalib o‘tsak. Avvalo, saylov sohasidagi qonunlar yaxlit bir hujjat shakliga keltirilib, xalqaro norma va standartlarga javob beradigan puxta, ixcham va yagona Saylov kodeksi ishlab chiqildi. Loyiha keng jamoatchilik, milliy hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida batafsil muhokamadan o‘tkazilganidan so‘ng, mamlakatimiz parlamenti tomonidan 18 bob hamda 103 moddadan iborat O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi qabul qilindi.
Yana bir muhim yangilik — O‘zbekistonning milliy saylov tizimiga Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi (SJBAT) va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati (SYaER) joriy etilmoqda. Saylov organlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash ishlari ham zamon talablari darajasida takomillashtirilmoqda. Mazkur axborot tizimi huquqiy tajriba tartibida 2017 yil dekabr oyida Toshkent shahrida xalq deputatlari tuman Kengashlari saylovida sinovdan o‘tkazilgan va mahalliy hamda xorijiy ekspertlar tomonidan yuksak baholangan edi.
Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 27 maydagi qarori bilan tasdiqlangan Oliy Majlis, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga 2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan barcha darajadagi saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan ishlar 8 bosqichli “kaskad” uslubida, ya’ni yuqoridan quyiga kengayib, takomillashib boradigan yo‘sinda tashkil etilganini ham ta’kidlash o‘rinli. Zero, saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazish jarayonida bevosita ishtirok etadigan saylov faollarini bunday tizimli va keng ko‘lamli o‘qitish mamlakatimiz tarixida birinchi marta yo‘lga qo‘yildi. Bu yilgi saylovlarda 16 mingdan ziyod saylov okruglari va saylov uchastkalari tuzilishi rejalashtirilgan. Shu vaqtgacha 70 nafar respublika treneri va hududlarda 748 nafar tuman trenerlari guruhi shakllantirildi. Hozirgacha ushbu trenerlar tomonidan 51 mingga yaqin saylov komissiyalarining raislari, o‘rinbosarlari va kotiblari o‘qitildi. Saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazish bo‘yicha seminar-treninglarda jami 170 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari a’zolari o‘z bilimi va ko‘nikmalarini oshiradi.
Ayni paytda saylov komissiyalari a’zolari tezkorlik bilan foydalanishi uchun maxsus “Saylov — 2019” mobil ilova ishlab chiqildi va zarur ma’lumotlar bilan to‘ldirilmoqda. Maxsus Telegram-bot messenjer kanali ishlab turibdi.
Saylov kodeksi bo‘yicha saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazish yuzasidan yangi normativ-huquqiy hujjatlar — yo‘riqnoma, reglament va nizomlarni ishlab chiqish va qabul qilish Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning eng muhim yo‘nalishlaridandir. Saylov kampaniyasi boshlangunicha bu borada o‘ndan ortiq hujjatlar qabul qilindi.
Imkoniyati cheklangan fuqarolarning ovoz berish jarayonidagi faolligini oshirish uchun barcha zarur choralar ko‘rilayotgani ham bu yilgi saylovlarda alohida e’tibor qaratilayotgan jihatlardan. Uchastka saylov komissiyasining joylashgan yeri nogironligi bo‘lgan saylovchilarning ovoz berish joyiga kelib-ketishi, jumladan, transportda kelib-ketishi, kirib-chiqishi, bino ichida harakatlanishi, erkin va to‘siqlarsiz ovoz berishi uchun har tomonlama qulay (qiyoteksyo‘lakchalar yoki maxsus qurilmalar o‘rnatilgan, maxsus kabinalar) bo‘lishiga, siyosiy partiyaning va deputatlikka nomzodlarning bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda nogironligi bo‘lgan saylovchilarning alohida ehtiyojlariga (imo-ishora tili, subtitr yozuvi, Brayl alifbosida chop etishga) e’tibor qaratiladi.
Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy Kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni, jumladan, saylovchilarning saylovda ovoz berish jarayonini yurtimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakillari, jurnalistlar, jumladan, xorijlik jurnalistlar — minglab odamlar bevosita kuzatib boradi.
Xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari haqida gap ketar ekan, bir raqamni aytib o‘tishimiz zarur. Avvalgi parlament saylovlarida YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi cheklangan missiyasining o‘ttizga yaqin kuzatuvchilari ishtirok etgan bo‘lsa, bu yilgi saylovlarimizni byuroning uch yuzga yaqin vakillari kuzatib borishi kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, missiya asosiy guruhni, shuningdek, 30 nafar uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchini o‘z ichiga oladi. Uzoq muddatli kuzatuvchilarning funksiyasiga saylov jarayonining turli bosqichlarini hududlarda kuzatish kirsa, qisqa muddatli kuzatuvchilar saylov kuni biriktirilgan tumanlarda ovoz berishni kuzatadi.
Saylov — hamisha o‘ziga xos sinov. Mamlakat uchun, saylanuvchi va saylovchilar uchun, uni o‘tkazuvchi tashkilotchilar uchun, jurnalistlar uchun ham. Chunki davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, saylov jarayonlarida barchamizning, avvalo, dunyoqarashimiz, siyosiy va huquqiy madaniyatimiz, grajdanlik pozitsiyamiz yana bir bor namoyon bo‘ladi.
Mirzo-Ulug‘bek ABDUSALOMOV, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi.
“Xalq so‘zi” gazetasi