Oʻzbekiston Respublikasida notariat tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda notariat institutining samarali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash hamda notarial idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat koʻrsatish sifati darajasini oshirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, notarial xizmatlar koʻrsatishning tezkorligini oshirish, fuqarolik-huquqiy munosabatlarda, jumladan, xususiy mulk egalari oʻz mulkini erkin tasarruf etishi va undan foydalanishida ortiqcha byurokratik toʻsiq va gʻovlarni olib tashlash hamda sohani raqamlashtirish boʻyicha qator maqsadli vazifalarni amalga oshirish zamon talablaridan biri boʻlib qolmoqda.
Notariat institutini raqamlashtirilgan modelga oʻtkazish, notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonlarini tubdan soddalashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan notariat sohasini tartibga solish maqsadida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi yaratilganligi va unda quyidagi imkoniyatlar mavjudligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:
barcha notarial harakatlarni axborot tizim orqali onlayn tarzda monitoring qilish, noqonuniy xatti-harakatlarni toʻxtatish hamda fuqarolarning shaxsini aniqlashda zamonaviy tekshirish usullaridan foydalanish;
notarial harakatlarni axborot tizimda majburiy qayd etish va har bir hujjatga takrorlanmaydigan maxsus raqam berish, shu orqali suiisteʼmolchiliklarning oldini olish;
bajarilgan notarial harakatlarni yagona elektron bazada qayd qilish, soxta notarial hujjatlarning rasmiylashtirilishiga yoʻl qoʻymaslik va hujjatlar haqidagi maʼlumotlar tarixini saqlash;
mamlakatning butun hududi boʻylab eksterritoriallik tamoyili asosida notarial xizmatlarni koʻrsatishning sifati va tezkorligi, xodimlar tomonidan oʻz funksional vazifalarining lozim darajada bajarilishi ustidan masofadan turib nazorat qilish;
notarial harakatlar uchun toʻlovlarni avtomatik tarzda hisoblash va elektron toʻlovlarni oʻtkazish, ularni tasdiqlovchi xabarlar yuborish hamda idoralararo elektron axborot almashish.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi notarial faoliyat toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni yigʻish, ularni umumlashtirish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirish hamda notarial harakatlarni amalga oshirishda tegishli davlat organlari bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlash maqsadida “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimini texnik taʼminlash va yuritishga masʼul organ etib belgilansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligining 2020-yil 1-yanvardan davlat notarial idoralarini bosqichma-bosqich nodavlat notarial idoralar etib qayta tashkil qilish haqidagi taklifi maʼqullansin.
Belgilab qoʻyilsinki:
davlat notarial idoralarini nodavlat notarial idoralar etib qayta tashkil qilish adliya organlarida nodavlat notarial idoralarni roʻyxatdan oʻtkazish, shuningdek, faoliyat yuritayotgan notariuslarga ularning arizalariga asosan notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya berish orqali amalga oshiriladi;
tegishli notarial okrugda qonun hujjatlariga muvofiq yetarli miqdordagi nodavlat notarial idoralar tashkil etilguniga qadar davlat notarial idoralari oʻz faoliyatini davom ettiradi;
notarius oʻz kasbiy majburiyatlarini buzishi oqibatida yetkaziladigan zarardan jismoniy va yuridik shaxslarni himoya qilish maqsadida nodavlat notarial idoralar notariuslarining fuqarolik javobgarligi sugʻurtalanadi;
nodavlat notarial idoralarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish va notarial faoliyat bilan shugʻullanish huquqi uchun litsenziya berish adliya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar nodavlat notarial idoralar faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan davlat boji summasining Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan miqdorda nodavlat notarial idoralarda qoladigan qismi;
huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlarni amalga oshirganlik, shuningdek, notariatning faol modeli doirasida xizmatlarni koʻrsatganlik uchun olinadigan toʻlovlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining barcha notarial idoralar notariuslarining aʼzoligiga asoslangan Oʻzbekiston Notarial palatasini tashkil etish haqidagi taklifi maʼqullansin.
Quyidagilar Oʻzbekiston Notarial palatasining asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib belgilansin:
notarial idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib borish, qonun hujjatlari va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish hamda qonun hujjatlarining bir xilda qoʻllanilishini taʼminlashga doir takliflar ishlab chiqish;
nizolarning oldini oluvchi institut sifatida notariat rolini mustahkamlash, notariuslik kasbi nufuzini oshirish, shuningdek, notariuslarning kasbiy tayyorgarligi va malakasi oshirilishini hamda ularning fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurtalanishini tashkil etish;
yagona notarial amaliyotni taʼminlash choralarini koʻrish, notarial idoralar faoliyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni toʻplash va oʻrganish, ijobiy ish tajribasini ommalashtirish hamda notariuslarga uslubiy yordam koʻrsatish;
aholining huquqiy bilimlari va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlarini amalga oshirish;
davlat organlari, boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda, sudda
va boshqa hollarda notariuslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ifodalash hamda himoya qilish;
notariuslar tomonidan qonun hujjatlariga, kasb etikasi qoidalari va kasb majburiyatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirish hamda ularning kasbiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqish haqida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi malaka komissiyalariga taklif kiritish.
5. Belgilansinki, Oʻzbekiston Notarial palatasi:
notarial idoralar notariuslarini birlashtiruvchi respublika nodavlat notijorat tashkiloti hisoblanadi;
notariuslarning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralashmaslik prinsipi asosida ish yuritadi;
notariuslarning kirish va aʼzolik badallari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Notarial palatasi bilan birgalikda:
nodavlat notarial idoralar notariuslari tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishi ustidan tizimli va qatʼiy nazorat oʻrnatsin;
uch oy muddatda mazkur Farmon talablaridan kelib chiqib hamda nodavlat notarial idoralar faoliyatini har tomonlama tartibga solish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. 2019-2021-yillarda Notariat institutini yanada takomillashtirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
8. 2020-yil 1-yanvardan mol-mulk bilan bogʻliq bitimlarni rasmiylashtirishda quyidagi talablar bekor qilinsin:
qurilishi tugallanmagan uy-joylarni boshqa shaxsga oʻtkazishda mahalliy davlat hokimiyati organlarining ruxsatini olish;
vasiylikdagi shaxs nomidan mol-mulklarni ijara (arenda)ga berishda vasiylik va homiylik organlarining ruxsatini olish (bu haqda vasiylik va homiylik organlarini xabardor etish sharti bilan).
9. Quyidagi bitimlarni majburiy notarial tasdiqlash tartibi bekor qilinsin:
2019-yil 1-oktabrdan – transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish boʻyicha sugʻurta polisida koʻrsatilgan transport vositasi egasining yaqin qarindoshlari (ota-ona, er (xotin), bolalar, aka-ukalar, opa-singillar) oʻrtasida transport vositasidan foydalanish va boshqarish toʻgʻrisidagi ishonchnomani;
2020-yil 1-yanvardan – yuridik shaxslarning, xususan bank va boshqa kredit tashkilotlarining korxonani ijara va tekin foydalanishga berish hamda birlamchi bozordagi koʻchmas mulk va transport vositalarini olishda ipoteka, garov va lizing shartnomalarini. Bunda, garov (ipoteka) shartnomalarini rasmiylashtirgan bank va boshqa kredit tashkilotlari mol-mulkka taqiq qoʻyish va taqiqni yechishni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali mustaqil amalga oshiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Adliya vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 1-dekabrga qadar bank va boshqa kredit tashkilotlariga mazkur bandda nazarda tutilgan garov (ipoteka) shartnomalari doirasida taqiq qoʻyish va taqiqni yechish imkoniyatlarini yaratish boʻyicha taklif kiritsin.
10. 2020-yil 1-yanvardan quyidagi notarial harakatlar joriy etilsin:
fuqarolik-huquqiy munosabatlarda sudgacha boʻlgan jarayonda dalillarni taʼminlash (guvohlarning koʻrsatuvlarini yozib olish, yozma va ashyoviy dalillarni koʻzdan kechirish va guvohlantirish, ekspertiza tayinlash, Internet tarmogʻidagi faktlarni tasdiqlash);
fuqarolik-huquqiy munosabatlarda, shu jumladan, mulkiy va meros masalalarida mediator vazifalarini bajarish;
yaratilgan mualliflik va turdosh huquq obyektining taqdim etilgan vaqtini tasdiqlash.
11. 2020-yil 1-yanvardan shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
koʻchmas mulklar boʻyicha bitimlarni notarial tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining vakolatlariga kiradigan kommunal xizmatlar boʻyicha qarzdorliklar haqida maʼlumotlarni faqat Majburiy ijro byurosi axborot tizimi orqali onlayn rejimda tekshirish tartibi oʻrnatilgan holda, tegishli kommunal tashkilotlardan bunday qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish talabi bekor qilinadi;
bitimlar boʻyicha taraflarning toʻlov majburiyatlarini bajarishi ixtiyoriy ravishda notarius depoziti orqali amalga oshiriladi. Bunda koʻchmas mulklar boʻyicha bitimlarni notarial tasdiqlashda muayyan qarzdorliklar aniqlanganda, ularni tegishli mablagʻni notarius depozitiga oʻtkazish orqali toʻlash yoki ularning asosliligini tekshirish imkoniyati mavjud boʻladi;
bitimlarni notarial tasdiqlashni taraflar turli hududlarda joylashgan notarial idorada masofadan turib xizmat koʻrsatish orqali videokonferensaloqa rejimida amalga oshirish imkoniyati yaratiladi;
ochiq axborot tizimiga joylashtirilgan notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar mulkni begonalashtirish bilan bogʻliq boʻlmagan harakatlarni amalga oshirishda hujjatning qogʻoz shakli bilan teng huquqiy kuchga ega boʻladi va davlat organi yoki mansabdor shaxs ularni tan olishdan bosh tortishi taqiqlanadi;
respublika hududida notarial tasdiqlangan arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalar asosida notarial harakatlarni amalga oshirishda ushbu arizalar, ijara shartnomalari va ishonchnomalarni taqdim etmasdan, ularni noyob raqam orqali tekshirtirish imkoniyati yaratiladi;
notarial harakatni amalga oshirish istagini bildirgan shaxsga notarial harakat rasmiylashtirilishi uchun zarur boʻlgan hujjat nusxalarini notarial idoraga elektron tarmoq orqali oldindan joʻnatish yoʻli bilan elektron navbat olish va tegishli hujjatlarni tayyorlab qoʻyish imkonini beruvchi xizmat joriy qilinadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yordamida elektron murojaat yuborish orqali idoraviy notarial arxivda mavjud boʻlgan hujjatlarning elektron imzo bilan tasdiqlangan nusxasini olish imkonini beruvchi xizmat taqdim etiladi.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
a) 2020-yil 1-yanvargacha, eksperiment tariqasida, sohaga zamonaviy innovatsion va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etgan holda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlarda kamida 2 tadan va Toshkent shahrida kamida 5 ta notarial idoralarda notarial idoraga kelmasdan turib:
mol-mulkni boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan bitimlarni (ijara va tekin foydalanishga berish shartnomalarini, boshqa shaxsga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlmagan ishonchnomalarni), ijro xatlarini, hujjatlarning bir tildan boshqa tilga toʻgʻri tarjima qilinganligini shahodatlashni elektron raqamli imzodan foydalangan holda rasmiylashtirishni;
arizalarni (propiska qoʻyishga rozilik, voyaga yetmagan farzandni chet elga chiqishga rozilik arizalarini va majburiyatnomalarni) elektron raqamli imzodan foydalangan holda hamda videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirishni joriy etsin.
Bunda, masofadan turib xizmat koʻrsatish orqali rasmiylashtirilgan hujjatning asl nusxasini buyurtmachiga kuryer xizmati orqali yetkazib berish imkoniyati taʼminlanishi yoʻlga qoʻyilsin;
b) eksperiment natijalari asosida 2021-yil 1-yanvarga qadar ushbu amaliyotni barcha notarial idoralarga tatbiq etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflarni kiritsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining aholiga koʻrsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar sifatini doimiy baholab borish, reytinglarni aniqlash, shuningdek, “sirli mijoz” tadbirlarini oʻtkazish orqali davlat xizmatlari markazlari, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari hamda notarial idoralar xodimlari tomonidan sodir etiladigan suiisteʼmolchiliklarni aniqlash maqsadida professional konsalting firmalarini shartnoma asosida jalb qilish haqidagi taklifi maʼqullansin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi idoraviy notarial arxivlarda saqlanayotgan koʻchmas mulk huquqining vujudga kelishini nazarda tutuvchi bitimlarni raqamli koʻrinishga oʻtkazilishi hamda yagona elektron notarial arxiv fondi shakllantirilishini 2024-yil 1-yanvarga qadar yakunlasin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019-yil 9-sentabr