Qoʻqonda mehmonlar munosib kutib olinmoqda!
Ayni kunlarda Qoʻqon shahri butun dunyoga oʻz koʻrku tarovatini koʻz-koʻz etib, kundan kunga muhtasham, ozoda va orasta qiyofada namoyon boʻlmoqda.
Xalqaro hunarmandchilik festivaliga tayyorgarlik borasida belgilangan qurilish-bunyodkorlik ishlari sifatli yakunlandi hamda yurtimizning barcha hududlari va xorijdan tashrif buyurayotgan mehmonlar oʻzbekona udumga koʻra bayramona tarzda kutib olinmoqda.
Qoʻqon temir yoʻl vokzalida festivalda ishtirok etish uchun kelgan yurtimiz janubi – Surxondaryo viloyati delegatsiyasi aʼzolari tantanali kutib olindi.
Viloyat delegatsiyasi tarkibida 60 nafar mohir hunarmandlar, baxshilar, madaniyat va sanʼat sohasi namoyandalari jamul-jam boʻlgan. Surxondaryolik mashhur gilamdoʻz Nazokat Sobirova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun oʻtkaziladigan “Tashabbus” koʻrik-tanlovining viloyat bosqichida bir necha marotaba “Eng yaxshi hunarmand” nominatsiyasi gʻolibi sifatida eʼtirof etilgan. Festival davomida u qatnashchilarga gilamdoʻzlikning vohaga xos anʼanalarini keng targʻib etishni maqsad qilgan. Shu bilan birga ishtirokchilar koʻz oʻngida nafis gilam toʻqish mahoratini namoyish etishni ham rejalashtirmoqda.
– Birinchi taassurotimizning oʻzi hayratlanarli, – deydi “Hunarmand” uyushmasi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshligʻi Muhayyo Joʻrayeva. – Qoʻqon shahri aqlni shoshiradigan va zavqingizni oshiradigan darajada goʻzal maskanga aylanibdi. Bir paytning oʻzida ham sharqona latofat, ham zamonaviy taraqqiyot manzaralari har qanday insonga xush kayfiyat baxsh etadi. Biz shu bugunning oʻzida tayyorgarlik ishlariga astoydil kirishamiz.
– Bu kabi tantanalar xalqimizni yanada jipslashtiradi, birdamligini taʼminlaydi, – deydi Qoʻqon shahrida istiqomat qiluvchi Abdusamad Boltaboyev. – Bolalikdan Alisher Navoiyning muxlisiman. Hazrat Navoiyning ushbu satrlari shahrimizdagi asrlarga tatigulik bugungi quvonarli oʻzgarishlarga hamohang:
Bu gulshan ichraki, yoʻqdur baqo guliga sabot,
Ajab saodat erur chiqsa yaxshilik bila ot.
Adabiyot, sanʼat va madaniyat, milliy qadriyatlar rivojiga qaratilayotgan bunday yuksak eʼtibor tom maʼnoda xalqimizning maʼnaviy yuksalishi uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
OʻzA