Oʻzbekiston : Xotin-qizlar va erkaklarga davlat tomonidan teng huquq va imkoniyatlar kafolatlanadi
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisidagi Qonun Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan imzolandi (OʻRQ–562-son, 02.09.2019-y.)
Qonunga koʻra, xotin-qizlar va erkaklarga davlat tomonidan teng huquq va imkoniyatlar kafolatlanadi, ularni jinsi boʻyicha kamsitishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- Bunda:
- bola tugʻish va koʻkrak suti bilan oziqlantirish;
- muddatli harbiy xizmatga faqat erkaklarni chaqirish;
- ushbu Qonun asosida gender siyosati amalga oshirilishida vaqtinchalik maxsus choralar koʻrish;
- qamoqda saqlash, jazoni ijro etish joylarida saqlash tartibida farqlarni belgilash kabilar jinsi boʻyicha kamsitish hisoblanmaydi.
Endilikda qonun hujjatlaridagi jins boʻyicha kamsitilishiga yoʻl qoʻyadigan normalarni aniqlash va bartaraf etish maqsadida ushbu hujjatlar va ular loyihalarining gender-huquqiy ekspertizasi oʻtkaziladi.
Davlat xizmatida gender tenglikni taʼminlash uchun bir jinsdagi xodimlar uchun lavozimlar vaqtinchalik kvotalanishi mumkin. Bunda kvotalash xotin-qizlar va erkaklar vakilligining mutanosibligiga erishilganda bekor qilinishi mumkin.
Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasidagi yagona davlat siyosati Gender tengligini taʼminlash boʻyicha komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Qonunga koʻra agar shaxs oʻzini jinsi boʻyicha kamsitishga duchor etilgan deb hisoblasa sudga murojaat qilish huquqiga ega. Bunda jinsi boʻyicha kamsitishga duchor etilgan shaxsdan davlat boji undirilmaydi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali